Chet tilini o‘qitish tajribasi takomillashmoqda
Urganch shahridagi 38-umumta’lim maktabining 4-sinfida chet tili darsi davom etmoqda.
Urganch shahridagi 38-umumta’lim maktabining 4-sinfida chet tili darsi davom etmoqda.O‘qituvchi savol berdi: – "Have you got a hobby?" (Sizning xobbingiz bormi?).
O‘quvchilar: – "Can I say?.. I answer…" (Men aytsam maylimi?.. Men javob beray...) deb qo‘lini bir-biridan baland ko‘tardi. O‘qituvchi Shahnoza Quronboyeva kuzatuvchi-mehmon Gulbahor Matjonovaga yuzlanib, savolni yana takrorladi.
– Yes, of course! (Ha, albatta!), – onaxon shunday dediyu, to‘g‘ri gapirdimmi, degandek bir parta narida o‘tirgan nabirasi Boburmirzoga qaradi. So‘ng gapni mazmunan yakunladi: – My hobby is reading book (Mening xobbim kitob o‘qish).
Onaxonning bu javobini bolalar qarsak bilan olqishladi.
...Yoshi oltmishni qoralagan Gulbahor Matjonova nabiraciga qo‘shilib chet tilini o‘rganayotganiga ikki-uch yil bo‘ldi. Ba’zan maktabga kelib, darslarda qatnashar ekan, o‘quvchilik damlarini eslaydi. Tarjimon bo‘lish orzusi ushalmagani dilini o‘rtaydi. 4-sinfda o‘qiyotgan dilbandi timsolida bolalik orzulari ushalayotganini ko‘radi.
Onaxonning maktabda o‘tkazilayotgan “Kids’ English 4” darslik majmuasi tajriba-sinov jarayonida faol jamoatchilik vakili sifatida ishtirok etayotganida ham kelajak avlod kamolotiga mas’ullik, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlikning bir namunasini ko‘rish mumkin.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinflardanoq xorijiy tillarni o‘qitish keng yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 1-, 2-, 3-sinf o‘quvchilari chet tillarni yangi o‘quv dasturi va davlat ta’lim standartlari asosida bosqichma-bosqich o‘rganmoqda. Joriy yilda mualliflar guruhi tomonidan chet tillardan 4-sinflar uchun yangi darslik-majmualari ishlab chiqildi.
“O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat unitar korxonasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, 4-sinf uchun ingliz tilida yaratilgan darslik-majmualar, jumladan, 2 ming 500 dona “Kids’ English 4” darsligi, 2 ming 500 dona ingliz tili mashq daftari – “Workbook 4”, o‘qituvchilar uchun 200 dona metodik qo‘llanma – “Teacher book 4” hamda darsliklarning (DVD diskda) multimedia ilovasi belgilangan tartibda tajriba-sinov uchun umumta’lim maktablariga yetkazib berilgan. Bundan tashqari, 30 dona diskda “Deutsch mit Spa β 4” – nemis tilining va yana shuncha diskda “Hirondelle 4” – fransuz tilining elektron nusxalari, darslik-majmualar va multimedia ilovalari Respublika ta’lim markazi tomonidan CD diskka muhrlangan shaklda ikki nusxadan hududiy malaka oshirish institutlariga ko‘paytirib, taqsimlash talabi bilan tarqatilgan.
Ushbu qo‘llanmalar Xalq ta’limi vazirligining 2016-yil 8-yanvardagi tegishli buyrug‘i asosida 11-yanvardan 19-martga qadar joylarda tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Eksperimentator-o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarning mavzuni qay darajada o‘zlashtirayotgani, darslik- majmualarning yutuq va kamchiliklari, mashqlarda qo‘llanilgan metodikalarni bolalar qanday o‘rganayotgani tahlil qilinayotir.
– Boshlang‘ich sinflarga xorijiy tillarni o‘rgatishda yangi bosqich sanalgan ushbu tajriba-sinov ishlari mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda, – deydi Respublika ta’lim markazi xorijiy tillar bo‘limi boshlig‘i Xurshida Ishoqjonova. – Har bir hududdan belgilangan 5 tadan ingliz, 2 tadan nemis va fransuz tilidan hamda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashgan 5 ta maktabdan (jami 130 muassasa) yuborilayotgan xulosalar jamlanmoqda. Darslarga o‘tgan yillardagi tajriba-sinov jarayonlari ishtirokchisi bo‘lgan 4 ming 120 nafar 4-sinf o‘quvchisi jalb qilingan. 254 eksperimentator-o‘qituvchiga metodik yordam ko‘rsatish va tajriba-sinov ishlarini muvofiqlashtirish uchun 131 metodist, 160 ilmiy rahbar biriktirilgan.
– O‘qituvchilarning boshlang‘ich sinflarga chet tilidan saboq berish ko‘nikmasi yildan-yilga ortmoqda, – deydi Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi metodika markazi chet tillari metodisti Shahnoza Jumayeva. – Yurtimizda chet tili pedagog kadrlarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bunda katta ahamiyat kasb etayotir. Masalan, 1-sinflar uchun tayyorlangan chet tili darsliklarining tajriba-sinov jarayonida eksperimentator-o‘qituvchilar orasida “Darslik DTS talablariga mos”, “Multimedia ilova o‘quvchilarga ma’qul kelmoqda”, “Hozircha kamchiliklar ko‘zga tashlangani yo‘q” kabi umumiy fikrlar bilan xulosa berganlar ham bor edi. Bugun bu toifa o‘qituvchilarni uchratmaysiz. Har bir mutaxassis mavzularni chuqur tahlil qilib, aniq muammoli holatlarni, takliflarini yozma ravishda bermoqda. Bu pedagoglar salohiyati yuksalayotganini tasdiqlaydi.
– O‘quv-majmua tayyorlashdagi oldingi tajribalarimizga tayangan holda “Kids’ English 4” darsligini ishlash jarayoniga ham xalqaro ekspertlarni, ilg‘or pedagoglarni jalb qilib, ularning tavsiyalarini o‘rganib chiqdik, ― deydi darslik mualliflaridan biri Lutfulla Jo‘rayev. – Ushbu majmua avvalgilarining uzviy davomi ekani hamda o‘quvchilarning bu davrda yuqori sinfga o‘tish bosqichidaligi inobatga olinib, mavzular nisbatan murakkablashtirildi. Qo‘llanmada qiziqarli o‘yinlar, sodda she’rlar, quvnoq qo‘shiqlar, yorqin rasmlarga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Bu uning bolajonlar tomonidan sevib o‘rganilishiga sabab bo‘ladi. Tajriba-sinov jarayonida tug‘ilgan takliflar, aniqlangan ba’zi kamchiliklar ishimizning yanada mukammal bo‘lishiga xizmat qiladi.
– “Kids’ English 4” darsligi zamonaviy, foydalanishga har tomonlama qulay, – deydi Chirchiq shahridagi 5-umumta’lim maktabining eksperimentator-o‘qituvchisi Sayyora Yoqubova. – Yangi darslik-majmua tarkibiga kiruvchi “Teacher book 4” – o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanmasi mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etishga xizmat qilmoqda. Chunki, unda mavzular o‘quvchiga qanday tushuntirilishi bo‘yicha aniq tavsiyalar berilgan. Tajriba-sinov jarayonida biz faqat darslikni tahlil qilib qolmay, ana shunday ilovalarni ham sinchiklab o‘rganishga harakat qilmoqdamiz.
– “Hirondelle 4”da o‘quvchilarga fransuz tilini o‘rgatishda o‘zbek tilining xususiyatlari, bolaning shu yoshdagi axborot qabul qilish ko‘nikmasi inobatga olingan, – deydi Namangan tumanidagi 22-umumta’limmaktabining fransuz tili eksperimentator-o‘qituvchisi Nazira Jamoliddinova. – Unda milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimiz nafasi sezilib turibdi. Tajriba-sinov mashg‘ulotlarida darslik-majmuadagi mana shu jihatlarni alohida e’tirof etgan holda, tanqidiy yondashish, darsda ishtirok etgan ota-onalar bildirgan fikrlarni ham diqqat bilan tinglashimiz, qayta-qayta tahlil qilishimiz lozim. Masalan, jamoatchilik vakillaridan biri hafta kunlariga bag‘ishlangan darsni kuzatib, darslikning shu qismiga mavzuga mos she’r yoki qo‘shiq matnini kiritish zarurligini aytgan edi. Bu taklifni maktab fan metod birlashmasida muhokama qilib, yanada jonlantirdik. Ya’ni, darslikning multimedia ilovasiga hafta kunlariga bag‘ishlangan qo‘shiq kiritish lozimligini qayd qilib qo‘ydik.
Muxtasar aytganda, tajriba-sinov jarayoniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbir va seminarlarda o‘qituvchilar, keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda.
...Qo‘ng‘iroq chalindi. So‘zimiz boshida aytganimiz – Urganch shahridagi maktabda o‘tkazilgan navbatdagi tajriba-sinov darsi yakunlandi.
Gulbahor aya Matjonova o‘qituvchiga mazmunli va qiziqarli dars uchun rahmat aytdi. Darslikdagi ba’zi jihatlar bo‘yicha tug‘ilgan mulohazalarini ilova qilishni ham unutmadi.
– Birinchi mashqdagi qo‘shiq o‘quvchilarning nafaqat chet tilidagi so‘z boyligini oshirishga xizmat qildi, balki sinfga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, – dedi G.Matjonova. – Lekin ba’zi bo‘limlarda ijro etilgan qo‘shiq matni talaffuzi o‘tgan yilgi majmuadagiga nisbatan sezilarli darajada tezlashgan. Oqibatda o‘zimga ishonch susayganday bo‘ldi. Bu holat bolalarda kuzatilishini istamasdim...
Eksperimentator-o‘qituvchi darslikdagi bu holatni avvalroq anglagan bo‘lsa-da, onaxonning so‘zini bo‘lmadi. Axir bunday kuyunchaklik darsliklarning mukammal bo‘lishida juda asqotadi-da.