“Chegarasiz hayot” falsafasi
Toshkentda “Sinergiya” universiteti mintaqaviy boʻlinmasi va “Rossiyskiy novыy universitet” avtonom oliy taʼlim notijorat muassasasining (RosNOU) Oʻzbekistondagi filiali anjumani boʻlib oʻtdi.
Toshkentda “Sinergiya” universiteti mintaqaviy boʻlinmasi va “Rossiyskiy novыy universitet” avtonom oliy taʼlim notijorat muassasasining (RosNOU) Oʻzbekistondagi filiali anjumani boʻlib oʻtdi.
Una mazkur muassasalarning Oʻzbekistondagi istiqbolli loyihalari va oʻquv rejalari haqida maʼlumot berildi. Biznes-murabbiylar tadbirkorlik faoliyatining zamonaviy yoʻnalishlari haqida soʻz yuritdi.
Raqobat muhiti jiddiylashgani sari zamonaviy biznesga, istiqbolli gʻoyaga ega boʻlish, oʻz faoliyati doirasini yaxshi bilishgina kifoya qilmaydi. Chunki bu xislatlar barcha ishlab chiqaruvchilarda boʻlishi tabiiy, albatta. Yagona yoʻl biznesning istiqbolli yoʻnalishlarini ishga solish.
Shu maʼnoda anjumanda tovar va xizmatlarni sotish nazariyasi va amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar, mijozlar bilan muloqot olib borish strategiyasi, ijtimoiy tarmoqlarda mustaqil biznesni yaratish usullari va tadbirkorlarda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish toʻgʻrisida maʼruzalar taqdim etildi.
Jahonga taniqli biznesmen, yozuvchi va notiq Nik Vuychich fikrlash doirasi stereotiplari, toʻsiq va chegaralarni yengib oʻtishdagi oʻz tajribasini aytib berdi. U bolaligida juda kam uchraydigan genetik kasallikka chalingan, shunga qaramay suzishni, skeytda, serfing taxtasida uchishni oʻrganib olgan, kompyuterda ishlashni yaxshi bilgan va butun jahonga mashhur bestseller asar – “Chegarasiz hayot”ni (“Jizn bez granis”) yozgan. Bu asar hech kimni befarq qoldirmaydi, qalblarni larzaga soladi va kishini imkonsizdek tuyulgan ishlarni uddalashga chorlaydi, yaʼni kuchli shijoat baxsh etadi.
Nik Vuychich aytishicha, aksariyat ish beruvchilar imkoniyati cheklangan kishilarni ishga olishni istamaydi. Shuning uchun, imkoniyat cheklanganlar koʻp hollarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangani maʼqul. Hayotda koʻp narsa, xususan, uzoq kutilgan moʻjizaning sodir boʻlmayotgani ham kishiga katta jasorat baxsh etishi, oʻz baxti, maqsad va muhabbati sari harakat qilishi uchun motivatsiya boʻlishi mumkin.
Tadbir qatnashchilari ana shu intilish hissini tuydi, biznes sohasida yangi bilimlarga ega boʻldi. Shuningdek, iqtidorli bolalar ijrosidagi shou-dasturdan zavqlandi.