Chegarachilar yangi uylarga ko‘chib o‘tdi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kuni arafasida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi DXX chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilarining oila a’zolari uchun qurilgan ko‘p qavatli turar-joy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda viloyat, tuman sektor rahbarlari, harbiy qism ofitser va askarlari, ularning yaqinlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. Yangi xonadon kalitlari egalariga tantanali ravishda topshirildi. Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlaganidek, harbiy xizmatchi oilasi va yaqinlaridan ko‘ngli xotirjam bo‘lsagina bor diqqat-e’tiborini, kuch-g‘ayratini to‘laqonli zimmasidagi vazifalariga yo‘naltira oladi. Ayni shu omil tufayli ham mamlakatimizda harbiy xizmatchilarga yetarli shart-sharoitlar yaratish, Qurolli kuchlarda olib borilayotgan islohotlar jarayonida ustuvorlik kasb etmoqda.
[gallery-19453]
Dil so‘zlarini izhor qilganlar chegarachilarni qo‘shaloq shodiyona – kasb bayrami va yangi xonadonlar bilan samimiy qutladi. Keksalar, yurt o‘g‘lonlari hamda ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.
– Qashqadaryo viloyatidanmiz. Harbiylarning oilasi uchun berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlardan behad xursandmiz, – deydi Uldon Daynovova. – To‘rt qavatli, 32 xonadondan iborat ushbu uylar keng va yorug‘ xonalari, bolalar maydonchasi kabi qulayliklari bizni mamnun etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.