Chanqovuz – dunyoni zabt etgan qadimiy cholg‘u
Oddiy metall parchasi va inson nafasi uyg‘unligida tug‘ilgan bu qadimiy cholg‘uning sirli sadosi besh ming yildan buyon butun sayyora bo‘ylab aks-sado berib kelmoqda.
Chanqovuz (changqo‘biz), ilk nazarda, taqa shaklidagi oddiy metall buyumga o‘xshaydi. Uning o‘rtasiga mahkamlangan, uchi esa qayrilgan ingichka po‘lat tilcha mavjud. Biroq bu asbobning bor siri uning tuzilishida emas, balki ijrosidadir. Unda ovoz chiqarish jarayoni inson tanasining o‘zini musiqiy vositaga aylantiradi. Sozanda asbobni tishlariga yengil taqab, lablari bilan qisib turganda, og‘iz bo‘shlig‘i kuchli rezonatorga, ya’ni ovoz kuchaytirgichga aylanadi. O‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘i bilan tilchani ritmik ravishda chertish natijasida hosil bo‘lgan tebranish og‘iz bo‘shlig‘ida kuchayib, o‘ziga xos, sirli va biroz g‘ayritabiiy ohang kasb etadi.
Musiqiy asbobning haqiqiy mo‘’jizasi shundaki, sozanda tilining holatini, og‘iz bo‘shlig‘ining katta-kichikligini va halqumdan chiqayotgan nafas oqimini mohirona boshqarish orqali bitta asosiy tovushning qo‘shimcha ohang tovushlaridan (obertonlardan) butun boshli murakkab kuy yaratadi. Ya’ni, bu yerda kuy cholg‘uda emas, balki ijrochining o‘zida tug‘iladi. Bu xususiyat chanqovuzni bevosita inson bilan bog‘liq cholg‘u asboblaridan biriga aylantiradi.
Musiqashunos olimlar chanqovuz turidagi cholg‘ularning eng qadimgi namunalari taxminan besh ming yil muqaddam Janubi-Sharqiy Osiyoda, xususan, hozirgi Vetnam va Filippin hududlarida bambuk yoki qamishdan yasalganligini taxmin qiladilar. Ushbu sodda asboblar dengizchilar va ko‘chmanchi qabilalar orqali asta-sekin butun Osiyo, Okeaniya, so‘ngra Buyuk ipak yo‘li orqali Yevropa va Afrika qit’alarigacha yetib borgan. Arxeologik topilmalar metalldan yasalgan chanqovuzlarning qadimgi namunalari, ayniqsa, Sibir xalqlari, jumladan, yoqutlar madaniyatida keng tarqalganini ko‘rsatadi. Bu musiqiy asbob ularning shomonlik marosimlarida ruhlar bilan aloqa o‘rnatish vositasi sifatida ham muhim o‘rin tutgan.
Turfa nomlar – bir ohang
Chanqovuzning dunyo xalqlarida ikki yuzdan ortiq nom bilan atalishi uning naqadar keng jug‘rofiy va madaniy qamrovga ega ekanidan dalolat beradi. Masalan, u Sitsiliyada “marranzano” nomi bilan mashhur. Norvegiyada u “munnxarpe” (og‘iz arfasi), Vetnamda “dan moi”, Filippinda “kubing”, Hindistonda “morchang” deb ataladi. Bularning barchasi tashqi ko‘rinishi va nomlanishida farq qilsa-da, ularning barchasini birlashtiruvchi umumiy jihat – ovoz chiqarish tamoyilining deyarli bir xilligidir.
Markaziy Osiyo, xususan, o‘zbeklar orasida bu cholg‘u “changqo‘biz”, “changqovuz”, “chanqovuz” kabi nomlar bilan ma’lum. Uning tarixi xalq og‘zaki ijodi namunalarida chuqur ildiz otgan. Mashhur “Alpomish” dostonida Barchinning suyakdan yasalgan chanqovuz chalgani haqidagi lavhalar bu musiqiy asbobning xalqimiz turmushida qadimdan mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi. Qiziqarli jihati shundaki, qadimda undan ko‘proq xotin-qizlar foydalangan. Chanqovuz katta davralar, shodiyonalar uchun emas, balki tor oilaviy muhitda, yolg‘izlikda dilga hamdam sifatida chalingan shaxsiy, ichki kechinmalarni ifodalovchi cholg‘u bo‘lgan.
Uning past, sirli va bir oz titroq ovozida nafaqat badiha uslubidagi kichik kuylar chalingan, balki turli hayvonlar (ot kishnashi, qushlar sayrashi) va tabiat tovushlariga (shamol uvillashi, suv shildirashi) o‘xshatmalar ham mohirona ijro etilgan. Bu holat chanqovuzning qadimgi odamning tabiat bilan chambarchas bog‘liq dunyoqarashini, atrof-olamni musiqiy tasvirlar orqali anglashga bo‘lgan intilishini aks ettiruvchi noyob san’at namunasi ekanidan dalolat beradi.
Unutilgan merosning qayta tiklanishi
XX asrga kelib, ko‘plab an’anaviy cholg‘ular qatori chanqovuz ham bir muddat e’tibordan chetda qoldi. Biroq bugungi kunda u o‘z tarixining yangi sahifasini ochmoqda. Bu musiqiy asbob, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo, shuningdek, Samarqand va Buxoro viloyatlarida yaxshi saqlanib, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab, folklor-etnografik jamoalar faoliyatining jonlanishi bilan chanqovuzga bo‘lgan qiziqish qaytadan kuchaydi.
Bugun u nafaqat yakkanavoz cholg‘u sifatida, balki xalq cholg‘ulari orkestrlari va zamonaviy musiqiy guruhlar tarkibida ham o‘ziga xos o‘rin egallamoqda. Zamonaviy bastakorlar o‘z asarlarida qadimiy milliy ruhni, Sharqona ohanglarni ifodalash maqsadida chanqovuzning betakror tembri va noyob imkoniyatlaridan unumli foydalanmoqdalar. Uning sodda tuzilishi ortida yashiringan ulkan musiqiy imkoniyatlar, inson nafasi va qalb tebranishlarini musiqaga aylantira olish xususiyati bu qadimiy cholg‘uning kelajakda ham o‘z tinglovchilarini hayratga solishiga ishonch uyg‘otadi. Chanqovuz – shunchaki musiqa asbobi emas, u ming yillar qa’ridan kelayotgan, o‘zida ajdodlar dunyoqarashi, tabiatga munosabati va insoniyatning umumiy musiqiy tafakkurini mujassam etgan jonli tarixdir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA