C1 darajasidagi sertifikat olgan 36,7 ming yoshga 67,6 mlrd. so‘m imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar, xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikat olgan 36,7 ming yoshga 67,6 mlrd. so‘m imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.
Shuningdek, yurtimizning olis va chekka hududlaridagi yoshlarga xorijiy tillarni o‘qitishga qaratilgan “Imkoniyat” loyihasi orqali 58 ta o‘quv markaziga 2,9 mlrd. so‘m (har biriga 50 mln. so‘mdan) ssuda mablag‘lari ajratilib, qo‘shimcha 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Loyihalarni muvaffaqiyatli tugatgan 2 ming nafar yoshlar ish bilan ta’minlanib, eng kami bilan 5 mln. so‘m oylik daromad topmoqda. Ularning 700 nafari xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘ldi.
ʼʼIbrat farzandlariʼʼ loyihasi orqali 1,4 mln. yoshlar 23 ta xorijiy tillarni doimiy ravishda o‘rganmoqda, shundan 105 mingga yaqini belgilangan kursni muvaffaqiyatli tamomlab, B2 darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Birgina IELTS sertifikati bo‘yicha Britaniya kengashining joriy yil 10 dekabrdagi ma’lumotiga (ilova qilinadi) ko‘ra, 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020 yilda 10 152 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 52 706 nafarga yetgan. Ya’ni 4 yilda 5 barobarga o‘sish kuzatilgan.
Shuningdek, 7-8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar soni 2020 yilda 1 807 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil holatiga 13 424 nafarni tashkil etmoqda. O‘z navbatida bu 7,4 barobarga o‘sish kuzatilganini anglatadi.
Qolaversa, 8,5-9 ball (C2 daraja)ga erishganlar soni esa 2020 yilda 14 nafar bo‘lgan, 2024 yil holatiga esa ularning soni 332 nafarga yetgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA