Byurokratik to‘siqlar endi yo‘q
Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga qaraganda, ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida 80 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sir emaski, davlat xizmatlari markazlari tashkil etilmasidan avval nafaqat fuqarolar, balki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar yuridik maqom olish, hujjat tayyorlash, davlat ro‘yxatidan o‘tish kabi o‘nlab masalalarda ko‘plab byurokratik to‘siqlarga uchragan. Hozirda esa barcha to‘siqlar bartaraf etilgan.
Qo‘qon shahrilik tadbirkor Muhiddin Tillaboyev o‘n yildan buyon bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Dastlab kichik sex sharoitida ish boshlagan tadbirkor faoliyatini kengaytirib, hozirda 100 nafar mahalliy yoshlarni ish bilan ta’minlagan. Korxonada 50 turga yaqin bolalar va chaqaloqlar kiyimlari tayyorlanib Belgiya, Ruminiya, Belorus va Boltiqbo‘yi mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Muhiddin dastlab tadbirkorlik faoliyati uchun yuridik maqom olish va hujjat tayyorlashda ko‘plab sarsongarchiliklar va byurokratik to‘siqlarga uchragan edi. 4 yil avval davlat xizmatlari markazlari tashkil etilgandan so‘ng minglab tadbirkorlar qatori Muhiddinning ham yumushlari tez va oson hal etiladigan bo‘ldi.
–Faoliyat boshlaganimga 10 yildan oshdi. Ilgarilari tadbirkorlik sub’ektini ro‘yxatdan o‘tkazish u yoqda tursin, yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirib olishning o‘zi «katta» ish edi, – deydi Muhiddin Tillaboyev.

– Birgina elektr energiyasi manbasiga ulanish, kadastr hujjatlarini tayyorlash, hisob raqam ochish yumushlari uchun bir oylik reja qilardik. Bu hozirgi vaqt uchun ertak bo‘lishi mumkin. Lekin yaqin tarixda shunday edi. Davlat xizmatlari markazlari ochilishi bilan bu kabi sarsongarchiliklar barham topdi.
Turkiyalik xorijiy tadbirkor Sadik Girgin Qo‘qon shahridagi oyoq kiyimlari ishlab chiqaruvchi korxona rahbari. U Davlat xizmatlari markaziga ta’sis hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish uchun kelgan. Uning yumushlari real vaqt rejimida ijobiy hal etildi.
–Asosiy faoliyatim oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bilan birga, poyabzallar uchun teri mahsulotlarini ham qayta ishlaymiz, – deydi Sadik Girgin. – Qo‘qon shahar davlat xizmatlari markaziga tez-tez kundalik ishlar bilan kelib turaman.
Ochig‘i, 4-5 yil avval hammasi boshqacha edi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish faqat tadbirkorlarga bo‘libgina qolmay, yillar davomida shakllanib qolgan ortiqcha ovora qilish holatlari ko‘p edi. Endilikda esa hammasi o‘zgargan. Qiyinchiliklar, tadbirkorni sarson qilish holatlariga barham berilgan. Bu esa xorijiy tadbirkorlar oqimining ko‘payishiga olib keladi.
Farg‘ona viloyatidagi mavjud 19 ta davlat xizmatlari markazlarida tadbirkorlar va fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan Ye-auksion maydonchasi, o‘z-o‘ziga xizmat burchagi, infolend shular jumlasidan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida 287 ta xorijiy korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 10 oyi davomida esa 46 ta xorijiy kapital asosidagi korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA