Buxorolik shifokorlar Xo‘jaylida
Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarining tajribali mutaxassislari va BuxDTI professor-o‘qituvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida navbatdagi xizmat safariga borishdi.
Buxorolik tajribali tibbiyot xodimlari, Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat 54 kishilik jamoada Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filialidan ham mutaxassislar jalb qilingan.
Asosiy maqsad aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davo muolajalarini belgilash, shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir.

Mutaxassislar tomonidan Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Filial direktori o‘rinbosari, xirurg mutaxassis N.Salomov, bolalar xirurgi Sh.Hakimov, xirurg B.Hamroyev, neyroxirurg V.Salomov va travmatolog A.Oripovlar tomonidan Xo‘jayli tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

–Ko‘rilgan har bir bemor bo‘yicha davolash-sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilishi bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi, – deydi filial direktori o‘rinbosari, xirurg mutaxassis N.Salomov. – Bemorlar saralanib, murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish ustida tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xususan jismoniy faollikni oshirish, muntazam ravishda har kuni ertalab va kechki ovqatdan so‘ng piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish yuzasidan davra suhbatlar o‘tkazilib, fuqarolar bilan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga doir tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA