Buxoroga zotdor mollar keltirildi
Qorako‘l tumaniga Qozog‘istondan zotdor mollar olib kelindi. Bugungi kunda chetdan naslli qoramollarni olib kelish va chorva mollari zotini yaxshilash dolzarb vazifa hisoblanadi.
Chorvachilik yo‘nalishidagi “Barhayot Muhammad Rajab parranda” fermer xo‘jaligida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni vaqtda bu yerda 1200 bosh simmental va golshteyn zotli mollar parvarish qilinyapti. Fermer xo‘jaligi tomonidan aholiga ham naslli chorva mollari yetkazib berilmoqda.

Birgina o‘tgan 2022 yilning o‘zida aholi xonadonlariga 1500 mayda shoxli, shuningdek 500 bosh naslli qoramol yetkazib berilgan. Joriy yil bundan ham ko‘proq naslli mollar yetkazib berish rejalashtirilgan.

Aynan ushbu maqsadda bugun mazkur fermer xo‘jaligiga Qozog‘iston davlatidan 150 bosh zotli qoramollar olib kelindi. Shu oyning oxiriga qadar xorijdan yana shuncha miqdorda zotdor mol olib kelish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA