Buxoroda «Yil ayoli» aniqlandi
Buxoroda Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash Davlat maqsadli jamg‘armasi hamkorligida «Yil ayoli» milliy tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ullari, viloyatning faol ayollari, yoshlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Viloyatda istiqomat qilayotgan 1,96 million nafar aholining 1 million 4 ming nafari yoki umumiy aholining 53,5 foizi xotin-qizlardan iborat.
Viloyatda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar 334 ming 800 nafarni tashkil etadi. Ularning 179 ming 300 nafari davlat tashkilotlarida, 34 ming nafarga yaqini nodavlat tashkilotlarda, 121 ming 600 nafari xususiy sektorlarda faoliyat yuritmoqda. Xotin-qizlarni jamiyat hayotida faolligini oshirish maqsadida 2017-2021 yillarda 4 ming 125 nafar ayol rahbarlik lavozimlariga tayinlangan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan 352 nafarga oshishiga erishildi.
Vohada xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va «Mahorat darslari»da keyingi to‘rt yilda jami 1 ming 640 nafar xotin-qiz turli kasbga yo‘naltirildi. Natijada ularning bandligi ta’minlangan bo‘lib, mingga yaqini o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 8 mingdan oshiq xotin-qizning iqtisodiy va huquqiy bilimlari oshirildi.
Joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida tanlovning viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan barcha shahar va tumanlar bosqichlari kesimida jami 200ga yaqin ishtirokchi qatnashgan bo‘lib, shundan 53 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin “Yilning eng faol olima ayoli” Donoxon Achilovaga, 2-o‘rin “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” Dilovar Qodirovaga, 3-o‘rin “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” Lira Minibayevaga nasib qildi.
Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, Grand pri sohibasi, respublika bosqichi yo‘llanmasini “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasi g‘olibligini Dilfuza Sharopova qo‘lga kiritdi.
[gallery-4738]
Shuningdek, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning en faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori” kabi nominatsiyalar bo‘yicha munosiblar taqdirlandi.
Tadbirda viloyatda Xalq banki tashabbusi bilan 1- va 2-bosqich “Ayollar daftari”ga kirgan tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlar ham rag‘batlantirildi.
– O‘z faoliyatini kredit asosida boshlaganiga qaramay, bu ayollar yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda, – deydi viloyat Xalq bankining Ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Latipova. – Ular tegishli daftarda bo‘lishiga qaramay tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratib kelmoqda.
– Xalq bankidan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, muzqaymoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim, – deydi Buxoro shahrida yashovchi Nilufar Almasova. – bugungi kunda 4 nafar ish o‘rni yaratdim. Ishimni yanada kengaytirish haqida o‘ylayapman.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Tadbir so‘ngida san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA