Buxoroda ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Buxoro viloyati Pedagogik mahorat markaziga Rossiyaning A.S.Pushkin nomidagi Davlat rus tili instituti rektori, filologiya fanlari nomzodi Nikita Gusev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida pedagog kadrlar malakasini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari markaz faoliyati, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar, o‘quv auditoriyalari va yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Uchrashuvda yoshlarni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan «Kelajak olimlari» («Uchyonыye buduego») xalqaro loyihasi taqdim etildi. Loyihaning yoshlar o‘rtasida ilm-fanga qiziqishni oshirish va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri Buxoro viloyati Pedagogik mahorat markazi hamda A.S.Pushkin nomidagi Davlat rus tili instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangani bo‘ldi.
Hujjatda pedagoglarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilg‘or tajribalar almashish, qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, seminar-treninglar hamda qo‘shma ilmiy-metodik tadbirlarni tashkil etish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
[gallery-32029]
Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, kasbiy faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi pedagogik yondashuvlar bilan tanishdi.
Mazkur hamkorlik pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy metodikalarni joriy etish va hududda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA