Buxoroda shamol turbinalarini o‘rnatish davom etmoqda
Buxoro viloyati Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining qiymati 650 million AQSH dollariga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish ishlari boshlangan.
Loyihalar Prezidentimizning tegishli qarorlariga muvofiq Saudiya Arabistoni Qirolligining “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi sarmoyasi asosida amalga oshirilmoqda.

Ayni kunlarda Jongeldidagi yirik quvvatli shamol elektr stansiyasi uchun Xitoydan turbinalar olib kelinmoqda. Mazkur turbinalarni o‘rnatish ishlarining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat va tuman hokimliklarining mas’ullari, loyiha tashabbuskorlari, kompaniya ishchi-xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur loyiha hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda aholi farovonligini ta’minlashda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, loyihaning betakror ekomuhitni ham muhofaza qilishdagi ahamiyati yuqori.

O‘z navbatida ushbu loyihani amalga oshirish mamlakatimizning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish konsepsiyasi bilan tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, Peshku va G‘ijduvon tumanlaridagi stansiyalarda umumiy quvvati 1 gigavattli 158 ta shamol turbinalari o‘rnatish orqali yiliga 3,6 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik shamol energiyasi loyihasiga aylanadigan ushbu stansiyalar ishga tushirilishi tufayli yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga va atmosferaga 1 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinishiga erishiladi. Stansiyalar 2024 yil yakunida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA