Buxoroda Osiyo xotin-qizlarining II forumi
Buxoro shahrida “Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlarining II forumi o‘z ishini boshladi.
Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali ishtirokchilar, jumladan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi ijrochi direktori, Shanxay hamkorlik tashkiloti, xalqaro moliya institutlari, Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumat vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etmoqda.
Shuningdek, forumda mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetakchi ayollar, ishbilarmon doiralar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar hamda turli iqtisodiyot tarmoqlari vakillari, qariyb 250 kishi qatnashmoqda.
[gallery-29389]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Forumning ochilish marosimida Prezident tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva kirish so‘zida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi.
O‘tkazilayotgan forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbusining amaliy natijasidir.Ma’lumki, Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatdi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Endilikda bu maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida muhim qadam tashlangani qayd etildi.
So‘zga chiqqanlar bugun hech bir davlat xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirmasdan turib barqaror taraqqiyotga erisha olmasligini ta’kidladi. Shu bois mazkur platforma nafaqat muloqot, balki umumiy yondashuvlar, amaliy hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish maydoniga aylanishi lozim.
Bu maydon global tahdidlarga qarshi kurashishda ayollar birdamligining yorqin ifodasidir. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik, tengsizlik va turli kamsitishlarga qarshi samarali yechimlarga faqat xotin-qizlarning o‘zlarining faol ishtiroki orqaligina erishish mumkin.
Shuning uchun ham turli sohalarning faol ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish bugungi dolzarb vazifalardan biridir.
Jumladan, mamlakatimizda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlar va qaror qabul qilish tizimidagi ishtiroki tobora kengayib borayotgani, bugungi kunda O‘zbekiston parlamentda ayollar ulushi bo‘yicha dunyoda 35-o‘rinni egallayotgani qayd etildi.
Xotin-qizlarning ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va tadbirkorlik sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugun oliy ta’lim sohasida qizlar ulushi 53 foizga, magistraturada esa 65 foizga yetgan. Olimlar orasida xotin-qizlar ulushi 60 foizni tashkil etayotgani ham qayd etildi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlik va bandlik sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar natijasida so‘nggi o‘n yilda ayol tadbirkorlar soni 3,7 barobarga oshib, 274 mingdan ortgan.
Forum Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, ta’lim, tadbirkorlik, innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Forum o‘z ishini parallel sessiyalar doirasida davom ettirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari