Buxoroda MIB xodimi kaltaklandi
Majburiy ijro byurosi tomonidan 40 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha hujjatlarning ijrosi ta’minlanadi.
Bular orasida eng murakkab ishlardan biri bu farzandni onasi yoki otasi tarbiyasiga olib berish masalasidir. Chunki farzandni o‘z tarbiyasiga olishni xohlagan va sud qarori bo‘lgan onaga ota ham shunchaki farzandini bergisi kelmaydi. O‘zaro murosaga bormaydi.
Biroq, byuro qarorlarini ijro etishda to‘sqinlik qiluvchi boshqa omillar bo‘lmasa, u albatta ijro etiladi. Aslida, majburiy ijro harakatlari “qonunga itoatkorlik”, “qonunni hurmat qilish va so‘zsiz rioya etish” kabi prinsiplar asosida amalga oshirilmoqda.
Islohotlar ayrim fuqarolarimizga hali ham yetib bormagan, ular qonunlarni hurmat qilish va ularga rioya qilishni o‘rgana olmayapti. Buxoro viloyatida ana shunday fuqarolardan biri MIB xodimini kaltaklab unga jiddiy tan jarohati yetkazdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudining da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrimiga asosan qarzdor Z.A.dan voyaga yetmagan bolani fuqarolik ishi mazmunan ko‘rib chiqilgunga qadar onasi tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati byuroning Qorako‘l tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi mazkur ijro hujjati mazmun-mohiyatini qarzdorga tanishtirish maqsadida uning uyiga borgan vaqtda, qarzdor hujjatlar bilan tanishish o‘rniga, davlat ijrochisini haqoratlab, uning yuz qismiga qo‘llari bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.
– Tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan vaqtda holatim yaxshi bo‘lmagani uchun tibbiyot markaziga olib ketishdi, – deydi jabrlanuvchi. – Burun suyagi sinishi tashxisi bilan 5 kun davomida davolandim. Hozirda sog‘ligim qisman tiklangani uchun ishga chiqdim.
Afsuski keyingi paytlarda xizmat vazifasini bajarayotgan sud ijrochilariga nisbatan bu kabi tajovuzkorlik holatlari ko‘p uchramoqda. Xo‘sh, shunday vaziyatda ijrochi o‘zini himoya qilishi mumkinmi. Unga nisbatan tajovuz yuz berganda xodim qanday yo‘l tutishi kerak.
– Qarzdorga nisbatan tajovuz qilish, yoki unga bir jismonan zo‘rlik ishlatishga vakolat yo‘q, – deydi jabrlanuvchi. – Bu qat’iyan taqiqlangan. O‘zimizni himoya qilishimiz mumkin. Unda ham qarzdorga jismoniy kuch ishlatmagan holda.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan ijrochilar bu kabi holatlarning kelib chiqishiga ular xizmat vazifasini o‘tashi chog‘ida xizmat libosida bo‘lmasligi, javobgar tomon ko‘p hollarda ularni davlat xizmatchisi sifatida qabul qilmasligini ham sabab bo‘layotganini aytdi.
–Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Qorako‘l tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, – deydi Qorako‘l tumani prokurori o‘rinbosari Akrom Abdullayev. – Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq bilan bog‘liq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA