Buxoroda Konstitutsiya kuni keng nishonlandi
Buxoro yoshlar markazida Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hamda shahar va tumanlar mutasaddilari, huquqni muhofaza qilish idoralari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimi jamoalari, shuningdek, qator korxona-tashkilotlar, muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tantanada viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi B.Zaripov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni, ular timsolida mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shayotgan viloyat xalqini qutlug‘ sana, davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etdi.

Joriy yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz hayot darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar xususida alohida to‘xtaldi.
Davlat rahbari tomonidan Asosiy qonunimiz talablarini to‘liq amalga oshirish uchun 2017-2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi hayotimizga izchillik bilan tadbiq etilmoqda. Bu hujjat mohiyat e’tiboriga ko‘ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yo‘l xaritasi”ga aylandi.

Tadbirda poyoniga yetayotgan 2020 yil har qancha sinov va mashaqqatlar bilan kechayotgan bo‘lmasin, bugun biz serquyosh diyorimizda tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti barqaror ekanini katta mamnuniyat va shukronalik bilan tilga olindi.

Viloyat san’at ustalari, yosh xonandalar, opera ijrochilari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, milliy kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Zarif Komilov, O‘zA