Buxoroda innovatsion traktor yaratildi
Dvigatel quvvati 152 ot kuchini tashkil qiladi. Traktor 4 ta biogaz ballonlari bilan jihozlangan.
Buxoro davlat universitetidan tashkil etilgan “Buxoro viloyatining innovatsion rivojlantirish: muammolar va yechimlar” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi davomida ishtirokchilar Jondor tumanida yaratilgan traktorni koʻzdan kechirdi.
Traktor akademik Oqil Salimov rahbarligidagi Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi professor-oʻqituvchilari hamda jondorlik Shahob Qoryogʻdiyev, Shuhrat Suvonov tomonidan ishlab chiqilgan.

Traktorga osma va gʻildirakli traktorlarda avval qoʻllanilmagan yangi tipdagi dempfirlovchi yumshoq qurilma oʻrnatilgan, u traktorning ish vaqtida tebranishlarini 7-8 baravarga kamaytirish imkonini beradi.
Dvigatel quvvati 152 ot kuchini tashkil qiladi. Traktor 4 ta biogaz ballonlari bilan jihozlangan. Texnikaning asosiy xususiyatlaridan yana biri, shu turdagi traktorlar bilan taqqoslaganda sarflanadigan uglevodorodli yonilgʻini 2 baravarga tejaydi.

Traktorning barcha gʻildiraklari yetakchi qilib tayyorlangan, umumiy ogʻirligi esa 3 ming 200 kilogramm. Bu ogʻirligi 10 tonnadan ortiq boʻlgan traktorlar kabi tuproqni zichlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.
Ixtirochilar traktorni belgilangan tartibda patentlashga muvaffaq boʻlgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi
Axborot xizmati.