Buxoroda harbiy texnikalar marshi o‘tkazildi
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Buxoro shahri ko‘chalari bo‘ylab urush davriga oid retro mashinalar va zamonaviy harbiy texnikalar marshi bo‘lib o‘tdi.
Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qismlar ofitser, serjant va askarlari, Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sport-texnika klublarining avto va motohavaskorlari, turizm politsiyasi xodimlari, umuman, harbiy xizmatda foydalanilayotgan texnika va bronetransportyor(BTR)lar qatnashdi.
Harbiy texnikalar paradi 8 kilometrdan ortiq masofada tashkil qilindi. Ark qo‘rg‘oni oldida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Buxoro garnizoni harbiy bo‘linmalariga yangi zamonaviy texnikalar topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi, Mudofaa vazirligi mas’ullari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, faxriylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tashabbusi bilan mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash sohasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiylarimizning jangovar tayyorgarligi, bilim va kasbiy malakasini oshirish, istalgan daqiqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Tadbir doirasida harbiy qismlarning vakillariga noqulay yo‘l va hududlarda ham bemalol harakatlanish xususiyatiga ega bo‘lgan 20 ga yaqin bortli tentli avtofurgonlar topshirildi. “Uz AutoTRAILER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur avtomobillar harbiy xizmatchilar shaxsiy tarkibi va yuklarni tashish, turli texnika va qurol-aslahani shatakka olgan holda ko‘chirish uchun mo‘ljallangan. Yo‘ltanlamas avtofurgonlar harbiy xizmatchilar va yuklarni yomg‘ir, qor, quyosh, shamol va changdan ishonchli himoya qiladi.
Shahardagi Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida Ikkinchi jahon urushi davridagi kompozitsiyalar installyatsiyasi bilan bog‘liq tadbirlar tashkil etildi.
Urush yillari qo‘shiq va musiqalari ijro qilindi. Harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Viloyat musiqali drama teatri, viloyat davlat qo‘g‘irchoq teatri, san’at va madaniyat texnikumi aktyorlari, oliygoh talabalari va havaskor yoshlar urush yillarida xalqimiz boshidan kechirgan achchiq mashaqqatlarni yaxlit syujet holida sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berdi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA