Buxoroda farmatsevtika sohasi rivojlanmoqda
Bugungi kunda viloyatda farmatsevtika sohasida 11 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda 149 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 270 nafarga yaqin mutaxassislar bandligi ta’minlangan. 2025-yil yakuniga ko‘ra, sohada 93 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2024-yilga nisbatan o‘sish sur’ati 5,3 barobarga oshgani e’tiborlidir.
Eksport ko‘rsatkichlari ham izchil o‘smoqda. Xususan, 2025-yilda 3 million AQSH dollarlik farmatsevtika mahsulotlari Ukraina, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlariga yetkazib berildi. Bu borada Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasining hissasi salmoqli bo‘lmoqda.
Mazkur korxona rahbari Elyor Rahmatovning ta’kidlashicha, bu yerda koronar stentlar, JI stentlar, shuningdek, ularni o‘rnatishda qo‘llaniladigan introdyuser va diagnostik kateterlar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda mahsulotlarning lokallashuv darajasi stentlarda 42 foiz, introdyuserlarda esa 97 foizga yetgan. Yaqinda AQSHga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida yangi kelishuvlarga erishilgani ham korxona faoliyatini yanada kengaytirish imkonini beradi. 2026-yil yakuniga qadar korxonada 8 xil mahsulotning 50 turini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 5,3 million AQSH dollarini tashkil etgan ushbu loyiha 1,8 million dollar xorijiy investitsiya hisobiga to‘g‘ri keladi. Loyiha doirasida 84 ta yangi ish o‘rni yaratildi hamda koronar stent, ballon, o‘tkazgich, diagnostik kateter, introdyuser va diagnostik o‘tkazgich kabi 6 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida esa yiliga 12 million dollarlik tibbiyot buyumlarini eksport qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
–Yaqin istiqbolda neyrovaskulyar buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda, –deydi korxona mutaxassisi Matluba Ochilova. –Bu mahsulotlar miya qon-tomir kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi. Shu bilan birga Pokiston, Bangladesh va Rossiya davlatlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, bangladeshlik tadbirkor Anald Mahmud Xon Buxoroda ishlab chiqarilayotgan tibbiy mahsulotlarning sifati yuqori ekanini ta’kidlab, ilk bosqichda 10 ming dona mahsulot xarid qilish, keyinchalik esa hamkorlikni kengaytirib, hajmni 40 ming donaga yetkazish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida ham sezilarli natijalarga erishilmoqda. Jumladan, 2025-yilda 6 ta loyiha doirasida 29,4 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan reja 2,3 barobarga bajarildi. Bu esa import hajmini qisqartirish va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Shuningdek, o‘tgan yilda 6,1 million dollarlik dori-darmon va tibbiyot buyumlari import qilinib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 19 foizga kamaydi. Kelgusida mahalliylashtirish hisobiga bu natijani yanada yaxshilash, import o‘rnini kamida 50 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Sohani ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Buxoro davlat tibbiyot institutida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda oliygohda 20 turdagi dorivor o‘simliklar yetishtirilib, Ibn Sino ta’limotiga tayangan holda 50 turdagi dorivor vositalar qayta ishlanmoqda va qadoqlanmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreyaning Degu Xani universiteti bilan hamkorlikda “Hujayra biotexnologiyalari” laboratoriyasi tashkil etilgani xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot uyg‘unligini ta’minlashda muhim qadam bo‘lmoqda.
[gallery-28222]
Viloyatning tabiiy resurslari va mavjud salohiyatidan samarali foydalangan holda 2026-yilda umumiy qiymati 152 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 11 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar natijasida mahsulot turlari yana 17 taga ko‘payishi kutilmoqda. Yil yakuniga qadar esa 200 milliard so‘mdan ortiq farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 215 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Buxoro viloyatida farmatsevtika sohasi jadal rivojlanish bosqichiga kirgan. Mahalliylashtirish, innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik va investitsiyalarni jalb etish orqali bu tarmoq nafaqat hudud, balki mamlakat iqtisodiyotida ham muhim o‘rin egallashi kutilmoqda.
Zarif Komilov. Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari