Buxoroda “El-yurt umidi” jamg‘armasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Buxoro shahar hokimligida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan yosh mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha taqdimot tashkil etildi.
Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiantlari, shahar va tumanlar studiyalaridan yoshlar yetakchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Taqdimotda davlat rahbarining tashabbusi bilan 2018 yil 25 sentyabrda tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi oldiga millatning intellektual qatlamini tayyorlash, xorijda istiqomat qilayotgan, zamonaviy bilim, malaka va ilg‘or ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlar bilan muntazam muloqot o‘rnatish talabi qo‘yilgani, bu borada samarali ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi yosh kadrlarga ilg‘or xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarida magistratura va doktoranturada o‘qitish, dunyoning yetakchi stajirovka o‘tash va malaka oshirish ta’lim dasturlari bo‘yicha stipendiyalar e’lon qilib kelmoqda. Jamg‘arma tomonidan ochiq stipendiya tanlovlari orqali 2018 yilda 375 nafar, 2019 yilda 605 nafar iqtidorli va istiqbolli mutaxassislar AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Kanada, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa 20 dan ortiq yetakchi davlatlarda ta’lim olishgani ham aytib o‘tildi. Stipendiyalar 5 ta tanlov o‘tkazish yo‘nalishlari bo‘yicha ajratiladigan bo‘ldi.
Ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari kesimida, o‘tgan yillardan farqli ravishda 4 ta ta’lim dasturi bo‘yicha: doktorantura, magistratura, stajirovka va malaka oshirish yo‘nalishlarida ham stipendiyalar ajratiladigan bo‘ldi. Mazkur qarorga binoan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalar tanlovlarni tashkil etish mexanizmi va uning muddatlari ishlab chiqilgan. Unda vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ehtiyojlarini o‘rganishdan boshlab toki stipendiatlarga sertifikatlar topshirish jarayoni aniq belgilangan.
Taqdimot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish borasida o‘z takliflarini berdi.
Taqdimot yakunida 2019 yilda jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritib, o‘sha yil sentyabr-dekabr oylarida Italiyada amaliyot o‘tab, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan Buxoro davlat universitetining Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kafedrasi mudiri Ziyodulla Nurovga diplom topshirildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA