Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida sportning mini futbol, shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
– Shaxmat musobaqasida g‘ijduvonlik Sodiq Sayfullayev birinchilikni qo‘lga kiritdi. Shashka musobaqasida ayollar o‘rtasida qorovulbozorlik Nuriya Aymukanova, erkaklar o‘rtasida esa “Vobkenttumangaz” gaz ta’minoti korxonasi xodimi Ilhom Tojiyevga birinchilik nasib etdi. Stol tennisida erkaklar o‘rtasida qorako‘llik A’zam Saxatov, ayollar o‘rtasida vobkentlik Xurshida Zaripova birinchilikni egalladi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali Boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisi Shoira Abdullayeva.
Mini futbol musobaqasida “Jondortumangaz” xodimlari faxrli birinchi o‘rinni egalladi. “Vobkenttumangaz” xodimlari ikkinchi, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari esa uchinchi o‘ringa loyiq topildi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.




***
Shofirkon tumanida “Inson qadri uchun” shiori doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining 25 nafar soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tibbiy ko‘rik davomida mutaxassislar tomonidan 440 nafardan ortiq fuqarolar ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 143 nafarida turli yo‘nalishdagi kasalliklar, jumladan, 45 foizida terapevtik, 21 foizida jarrohlik va 8 foizida ginekologik, 6 foizga yaqin bolalarda pediatrlik hamda 10 foizida turli yo‘nalishdagi kasalliklar mavjudligi aniqlandi.
– Chuqurlashtirilgan ko‘rikda aniqlangan bemorlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning 30 dan ortig‘i tuman, 15 nafari viloyat miqyosidagi muassasalarda davolash hamda 100 nafariga yaqin bemorlarni ambulator va uy sharoitida sog‘lomlashtirish rejalari tuzildi, – deydi filial direktori M.Rajabov. – Shuningdek, 10 nafar kam ta’minlangan hamda I-, II-guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolarning xonadonida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tashkil etildi.


***
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi sabab Jondor tuman Romish mahallasida yashovchi Lola Bo‘riyevaning ro‘zg‘origa baraka kirdi.
Turmush o‘rtog‘idan keyin yolg‘iz ayol boshi bilan ro‘zg‘or tebratish, bolalarni parvarishlash oson kechmadi. U turmush o‘rtog‘ining ishini davom ettirishga kirishdi. Biroq uning xonadonidagi kam quvvatli elektr energiyasi sabab qiyinchiliklar yuzaga keldi.
– Murojaatimdan so‘ng xonadonimdagi elektr energiyasi quvvatlantirib berildi, – deydi Lola opa. – Hozirda avtomashina shinalarini tuzatish bilan shug‘ullanaman. Shu bilan birga bir sotixli issiqxonada qishki ko‘katlar ham parvarish qilmoqdaman. Menga sog‘in sigir va parranda ham berishdi.

Hozirda Lola opa yolg‘iz onalar uchun berilgan imtiyozlardan mamnun holda, mehnat qilmoqda. Uning asosiy orzusi farzandlarini o‘qitib, yurtga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyalash.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.