Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro davlat pedagogika instituti “Buxara Varnet” O‘zbekiston - Turkiya qo‘shma korxonasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Aniqrog‘i, xorijiy korxona va institut o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq tabiiy fanlar yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar amaliyotini mazkur xorijiy korxonada o‘tkazadi. Shu bilan birga laboratoriya amaliy darslarini olib boradi.
Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilgan. Ya’ni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak bo‘lsa shu yerda tayyorlanadi.


Qolaversa, bu yerda sayyohlar uchun ham xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Aniqrog‘i, zamonaviy botanika bog‘i mehmonlar bilan doimo gavjum. Institut professor-o‘qituvchilari xorijiy korxonada Turkiyaning Konya shahridagi Selchuk universiteti (Selçuk Üniversitesi) professor-o‘qituvchilari bilan uchrashdi.
–Uchrashuvda oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi, – deydi institut prorektori Hafiza Ortiqova. – Tomonlar ushbu yo‘nalishda navbatdagi tadbirlarni belgilab olishdi.
****
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanlararo sudi qarzdor J.A. dan undiruvchi G.R. foydasiga ikki nafar farzandi ta’minoti uchun qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risida hujjat mavjud. Ijro hujjatida aliment to‘lovlari oyma-oy to‘lov qilinishi belgilangan, ammo qarzdor yashash uyidan chiqib ketib, to‘lovlarni vaqtida to‘lamaganligi sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, qarzdor 11 yil Rossiya Federatsiyasida bo‘lib qaytgach, G‘ijduvon tumanida buvisining yashash xonadonida yashirinib yurgan. Boshqarmaning qidiruv sho‘’basi tomonidan olib borilgan tadbirda qarzdor topilib, tegishli chora ko‘rish uchun davlat ijrochisiga topshirilgan.
Qarzdor otaning aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzi qayta hisob-kitob qilinganda joriy yilning iyun oyi holatiga ko‘ra 130,6 million so‘mni tashkil qilgan. Hozirda qarzdorga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun tegishli sudga yuborilgan. Shuningdek, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.