Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Do‘rmon” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Gulsara Karimova tashabbusi bilan tashkil etilgan “Nuriya Sulton chevarlari” tikuvchilik korxonasi faoliyatidan aholi mamnun. Bu yerda mahallada yashovchi ayollar ish bilan ta’minlangan.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi faoliyati ham mahalla ahlini shod qildi. Sex va markaz ochilishi tadbirida tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, mahalla faollari qatnashdi. Faoliyatiga binoan markazda xotin-qizlar oylik stipendiya asosida kasb-hunarga o‘qitilib, tayinli ishga joylashtirilmoqda. Ularga hunar o‘rgatuvchi chevarlarga tuman Bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan oylik maosh tayinlangan.
– Biznes rejaga muvofiq, 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit sarmoyasi asosida tashkil qilingan korxonada o‘ndan ziyod ish o‘rni yaratildi, – deydi mahalla xotin-qizlar faoli, sex rahbari Gulsara Karimova. – Kichik korxona va bandlik markazini tashkil etishda bizga yaqindan ko‘makdosh bo‘lgan, korxona uchun mahalla hisobida bo‘sh turgan binoni ajratib bergan raisimiz Qahramon Yarashev, imtiyozli kredit olishda qo‘llab-quvvatlagan hokim yordamchisi Aziz G‘oyibovlardan minnatdormiz. Kelgusida ish hajmini kengaytirib, buyurtmachilarga sifatli mahsulot yetkazish, jamoamiz moddiy manfaatdorligini oshirish harakatidamiz.


***
Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Buxoro viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Fuqaro M.M. fuqaro O.Q.ga o‘zini go‘yoki Buxoro shahar hokimligida haydovchi vazifasida ishlashini aytib, tanishlari yordamida uy-joy sotib olish uchun 350 million so‘m imtiyozli kredit olib berishi evaziga 3 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

***
Buxoro viloyati Romitan tumani Poyjuy mahallasida yashovchi Rohila Azimova birinchi guruh nogironi, uch farzandning onasi, bir etak nevaralarning mehribon buvijonisi.
Rohila opaga tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi tomonidan elektron yuritmali aravacha berildi.


– Davlatimizga rahmat, mendek nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘mak bermoqda, – deydi Rohila Azimova. – Doimo e’tibordamiz. Hamisha ko‘mak berib holimizdan xabar olib turishadi. Uyda bekor o‘tirmayman. Turli xil rangli toshlar, munchoqlardan foydalanib taqinchoqlar, bezaklar, daraxtlar yasayman. Qo‘l mehnati bilan yaratgan mahsulotlarimga qarab ko‘zim quvnaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri