Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan yurtdoshlarimizning sohaga oid murojaatlari yechimiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu aholi va tadbirkorlarning sohaga oid muammolarini bartaraf etishda ahamiyatli bo‘lmoqda.
–Boshqarmaga joriy yil boshidan shu kunga qadar jami 1445 ta murojaat kelib tushgan, – deydi boshqarma murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Marjona Usmonova. – Ularning 658 tasi yuridik, 791 tasi esa jismoniy shaxslardan. Murojaatlarning 531 tasi uy-joy hujjatlarini rasmiylashtirib berish, 296 tasi yer maydonlarini o‘lchab berish, 310 tasi yer maydonidan ajratish, 312 tasi yer toifasini o‘zgartirish to‘g‘risida hamda boshqa sohaga oid masalalardan iborat. Murojaatlarning 825 tasi tegishli tartibda hal etilgan bo‘lsa, 624 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.

***
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami arafasida joylarda aholining, mehnat jamoalarining ijodkorlar bilan uchrashuv va tadbirlari o‘tkazilmoqda. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.



Unda Said Muxtorov, Mehriddin Rahmatov, Xurshid To‘xtayev, Alisher Otaboyev, Anjelika Yesimbetova, Dilshodbek Kattabekov, Umid Iskandarov, Barno O‘ngboyeva, Akbarali Mavlonov kabi taniqli teatr va kino namoyandalari ishtirok etdi. Tadbirda san’atkorlar hukumatimiz tomonidan ijodkorlarga berilayotgan e’tibor, kino sohasidagi yutuqlar, kelgusidagi rejalar hamda suratga olinayotgan zamonaviy filmlar haqida so‘zlashdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov, O‘zA