Buxoro tarixiy merosini kelajak iqtisodiyoti bilan bog‘layotgan shahar sifatida namoyon bo‘lmoqda
Qadimiy shaharning yangi xalqaro e’tirofi. Buxoro — tarixni faqat saqlab kelayotgani yo‘q, uni bugungi kun bilan uyg‘unlashtirib, kelajak sari dadil qadam tashlayotgan shahar. Asrlar davomida bu zaminda ilm-fan, me’morlik, adabiyot, musiqa, hunarmandchilik va savdo-sotiq madaniyati yuksalib, Buxoroni Sharq sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biriga aylantirgan. Bugun esa ana shu ulkan ma’naviy va madaniy meros zamonaviy ijodiy iqtisodiyot, turizm va xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashib, shahar taraqqiyotining yangi qirralarini namoyon etmoqda.
Shu ma’noda YUNESKO tomonidan Buxoro shahrining 2027-yilda “Ijodkor shaharlar” tarmog‘ining xalqaro konferensiyasiga mezbon shahar sifatida tanlanishi oddiy tadbir emas. Bu — Buxoroning tarixiy-madaniy salohiyati, ko‘p asrlik hunarmandchilik maktabi, ijodiy muhiti va xalqaro madaniy aloqalardagi o‘rniga berilgan yuksak bahodir. E’tiborlisi, O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash bilan birga, uni zamonaviy taraqqiyotning muhim resursiga aylantirish, hududlarning sayyohlik va ijodiy salohiyatini keng namoyon etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Davlat rahbari tashabbuslari asosida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirish, milliy hunarmandchilik va ijodiy industriyalarni qo‘llab-quvvatlash, tarixiy shaharlarni xalqaro maydonga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Buxoroning bugungi nufuzida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
2027-yilda Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro konferensiyada 110 ga yaqin mamlakatdagi 408 ta ijodkor shahar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda. Bu raqamlar anjuman ko‘lamini tasavvur qilish uchun kifoya. Dunyoning turli mintaqalarida ijod, madaniyat, dizayn, hunarmandchilik, adabiyot, musiqa, media va boshqa kreativ yo‘nalishlarni shahar taraqqiyoti bilan bog‘lab kelayotgan markazlar vakillari bir maydonda jamlanadi. Demak, Buxoro bir necha kun davomida nafaqat mehmonlarni qabul qiladi. U dunyo shaharlari o‘rtasidagi g‘oyalar, tajribalar va tashabbuslar almashinuvining muhim nuqtasiga aylanadi. Bu esa Buxoro uchun katta imkoniyat. Chunki konferensiya doirasida xorijiy delegatsiyalar shaharning tarixiy obidalarini tomosha qilish bilan cheklanib qolmay, uning jonli madaniy muhiti, milliy hunarmandchiligi, ustoz-shogird an’analari, zamonaviy ijodkorlari va yangi avlod vakillari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Buxoroning ijodiy salohiyatini faqat tarixiy yodgorliklar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Shaharning eng katta boyligi — uning tirik madaniy muhiti. Misgarlik, zargarlik, kashtachilik, kulolchilik, zardo‘zlik, gilamdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik yo‘nalishlari asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Har bir naqsh, har bir buyum, har bir ustaxona ortida muayyan tarix, maktab va hayot tarzi mujassam. Endilikda ushbu an’analarni zamonaviy dizayn, raqamli texnologiyalar, elektron savdo, xalqaro marketing va kreativ industriyalar bilan uyg‘unlashtirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

YUNESKO konferensiyasi ana shu jarayonga yangi sur’at berishi mumkin. Zero, xalqaro tajriba almashinuvi orqali Buxoro hunarmandlari va ijodkorlari dunyodagi yangi tendensiyalar bilan tanishadi, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatadi, yangi bozorlarga chiqish va ijodiy mahsulotlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Buxoroning “Ijodkor shaharlar” xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qilishi turizm nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. Bugun zamonaviy sayyoh faqat tarixiy obidani ko‘rish bilan kifoyalanmaydi. U shaharning ruhini his qilish, uning madaniyatini anglash, mahalliy aholi hayoti bilan tanishish hamda noyob tajribalarni boshdan kechirishni istaydi. Buxoro esa bunday tajribalar uchun ulkan imkoniyatlarga ega.
Labi Hovuz atrofidagi muhit, qadimiy bozorlar, savdo gumbazlari, madrasalar va masjidlar, hunarmandlar ustaxonalari, milliy taomlar, an’anaviy san’at va zamonaviy ijod namunalari bir-birini to‘ldirib, sayyoh uchun yagona madaniy makonni yaratadi. Shu bois konferensiyani shunchaki bir martalik xalqaro tadbir sifatida emas, Buxoroning yangi turistik brendini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim imkoniyat sifatida baholash mumkin. Eng muhimi, xalqaro e’tirof Buxoro oldiga yangi vazifalarni ham qo‘yadi. Jahonning 110 ga yaqin mamlakati va 408 ta ijodkor shahri vakillarini qabul qilish — shaharning mehmondo‘stligi, infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sifati, madaniy dasturlari va ijodiy muhitini yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Bu jarayonda har bir muzey, har bir tarixiy inshoot, har bir hunarmandlik ustaxonasi, har bir madaniy tadbir Buxoroning xalqaro qiyofasini shakllantiruvchi omilga aylanadi. Shuning uchun konferensiyaga tayyorgarlikni faqat tadbir o‘tkaziladigan kunlarga moslashtirish emas, balki shaharning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rish muhim.
Buxoro bugun o‘zining tarixiy merosini kelajak iqtisodiyoti bilan bog‘layotgan shahar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu yerda qadimiy hunar — yangi biznesga, madaniy meros — turizm mahsulotiga, ijod — yangi ish o‘rinlariga, xalqaro muloqot esa yangi hamkorliklarga aylanishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri