Buxoro tarixi dunyo olimlari talqinida
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida navbatdagi onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Markazning xalqaro stipendiya sovrindorlari va ilmiy xodimlari, Islom Hamkorlik Tashkiloti (OIC)ning Islom tarixi, madaniyati va san’atini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari, Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti va Samarqand davlat universiteti olimlari, yurtimizning qator ilmiy muassasalari, shuningdek, Xitoy hamda Qozog‘iston davlatlari tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Seminarda Parij-Sorbonna-Panteon universiteti doktori Rokko Rantening “Ilk Islom davridagi Buxoroga oid tadqiqotlar” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Olim ma’ruzasining asosiy qismi Buxoro vohasi tarixini yangi arxeologik kashfiyotlar asosida o‘rganish asoslarini hamda Islom davrida kuzatilgan asosiy xususiyatlarni ochiqlashga bag‘ishlandi.

Doktor Rokko Rantening mazkur izlanishlari Fransiya muzeylarini tadqiq qilish va tiklash markazi tomonidan olib borilgan arxeologik qazishmalar va o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida olingan geomorfologik va etnoarxeologik ma’lumotlar, shuningdek, keramika va shishani o‘rganish orqali o‘tkazilgan arxeometrik tahlillar kabi ko‘p miqyosli yondoshuvlarga asoslangan. Ma’ruzada shuningdek, karvon yo‘llarining shakllanishi, aholining o‘troqlashuvi va yerlarning o‘zlashtirilishi natijasida turar-joy manzillarining paydo bo‘lishi, keyinchalik urbanizatsiya tufayli shaharlarning vujudga kelishi tarixi haqida ko‘rgazmali ma’lumotlar berildi.
Olim voha tarixining Islom davriga oid qismida bosqichma-bosqich madaniy o‘zgarishlar ro‘y berganini alohida ta’kidlab, mavjud shaharsozlik an’analari takomillashib, mustahkam qo‘rg‘on va qal’alar qurilishi boshlanishi, yangi shaharlar bunyod etilib, devorlar bilan o‘ralishi shu davrga to‘g‘ri kelishini qayd etdi. Ma’ruza davomida voha tarixiga oid arxeologik topilmalar suratlari ham namoyish etilib, ularning ayni paytda saqlanishi borasidagi qimmatli ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’ruzachi seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytardi.
G‘.HASANOV, O‘zA