Buxoro – Santa Fe hamkorligi yangi bosqichda
Buxoro viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi matbuot xizmatining O‘zAga xabar berishicha, joriy yilning 6-10 iyul kunlari AQSHning Nyu Mexiko shtati Santa Fe shahrida bo‘lib o‘tgan “International Folk Art Market” Xalqaro xalq san’ati yarmakasida Buxoro viloyati delegatsiyasi qatnashdi.
Buxorolik mehmonlarni Santa Fe meri (hokimi) Alan Veber va O‘zbekistonning Amerikadagi faxriy konsuli Kerol Robertson Lopes kutib oldi. Santa Fe hokimi Alan Veber tomonidan AQSHdagi turizm sohasida faoliyat yuritib kelayotgan soha vakillari, madaniyat, sport, muzeylar rahbarlari va mehmonxona egalari ishtirokida Buxoro va Santa Fe o‘rtasidagi birodarlashuv sharafiga rasmiy, biznes-ziyofat tashkil etildi.

Buxoro delegatsiyasining AQSHdagi tashrifi davomida Santa Fe dagi Madaniyat ishlari departamenti bilan hamkorlikda muzey va galereyalar bilan yaqindan tanishish va Buxoroda Santa Fe tajribasini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish, Santa Fe turizm departamenti rahbari Rendi Rendall bilan uchrashuvlar, Buxoro va Santa Fe o‘rtasida turizm, madaniyat, hunarmandchilik, muzeylar va sport yo‘nalishida memorandumlar imzolashdan iboratdir.

– Uzoq 80 yillarda, AQSH va SSSR o‘rtasida sovuq urush yumshab, bu ikki davlat aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganda, AQSHning OPEN WORLD jamiyati tomonidan Buxoro va Santa Fe shaharlarining o‘xshash tomonlari ko‘pligi o‘rganib chiqilib, birodarlashuv taklifi ilgari surilgandi. –deydi O‘zbekistonning Amerikadagi Faxriy Konsuli Kerol Robertson Lopesdan. – Bu taklif Sovet hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanganicha qolib ketgan. Mustaqilligimizdan so‘ng, Santa Fe tomoni rasmiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun bir necha marotaba tashrif buyurgan.
Ammo, Buxoro tomonidan faqatgina hunarmand jamoalari Santa Fe shahrida har yil o‘tkaziladigan “International Folk Art Market” festivaliga yakka tartibda norasmiy qatnashib kelgan, xolos. Santa Fe tomonidan Buxoroga oxirgi 10 yil davomida deyarli har yil rasmiy tashrif uyushtirib, har safar Buxoro shahar delegatsiyasini Santa Fega taklif qilib kelgan.

Bundan maqsad ikki shahar birodarlashuvi doirasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ularning turistik imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, ta’lim yo‘nalishlari va hunarmandlar o‘rtasida doimiy tajriba almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, investitsion loyihalar va xalqaro grantlar ustida birgalikda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘lgan. Ayni takliflarni yaqindan o‘rganish, ikki shahar orasidagi aloqalarni jonlantirish va kelgusida ko‘zda tutilgan tashriflarni tayyorlashdan iboratdir.
Zarif Komilov, O‘zA