Buxoro amiri Muzaffarning sevimli o‘g‘li nimadan vafot etgan edi?
Vatanimiz tarixidagi 10 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
Miloddan avvalgi 522 yil (bundan 2542 yil oldin) – Marg‘iyonada Ahamoniylar sulolasi boshchiligidagi fors istilochilariga qarshi ko‘tarilgan Frada qo‘zg‘oloni bostirildi. Bu qo‘zg‘olon Ahamoniylar davlati shohi Doro I hukmronligi davrida bo‘lib o‘tdi. Qo‘zg‘olonchilar bilan fors qo‘shinlari o‘rtasidagi hal qiluvchi jangda marg‘iyonaliklar yengildi. 55 ming kishi halok bo‘ldi, 6 ming kishidan ko‘prog‘i asir olindi. Frada ham asirlikka olinib, kelasi yili qatl etildi.
Doro I ning Behistun qoyalariga bitilgan kitobasida Marg‘iyona qo‘zg‘oloni haqida quyidagilar yozilgan: “Shoh Doro aytdi: Margush (Marg‘iyona) ismli mamlakat mendan ajralib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar Frada ismli marg‘iyonalik kishini o‘zlariga bosh qilib oldilar. Keyin men Baqtriya satrapi – xizmatkorim Dodarshishga odam yubordim. Unga shunday dedim: Bor, meni tan olmayotgan uning lashkarini yanchib tashla. Keyin Dodarshish qo‘shin bilan uning ustiga yurish qilib, marg‘iyonaliklar bilan jang qildi. Ahuramazda menga yordam qildi. Ahuramazdaning irodasi bilan mening qo‘shinlarim dushman kuchlarini yanchib tashladi. Keyin mamlakat yana meniki bo‘ldi”.
861 yil (bundan 1159 yil oldin) – “Kitobu vafayoti-l-a’yon” asarida qayd etilishicha, hijriy 247 yil shavvol oyining uchinchisida (milodiy 861 yil 10 dekabrda) chorshanba kuni tunda Muhammad al-Ixshid al-Farg‘onny vafot etdi. Abdulloh Abdulhamid Saadning “O‘rta Osiyo olimlari qomusi”da yozilishicha, u asli farg‘onalik bo‘lib, “al-Ixshid” unvonli oltin taxt sohibi bo‘lgan. Kelib chiqishi Farg‘ona o‘lkasidan bo‘lsa-da, o‘zi Misr, Shom va Hijoz sohibi (hukmdori) bo‘lgan.
1869 yili (bundan 151 yil oldin) – Buxoro amiri Muzaffarning sevimli o‘g‘li Sayyid Abdul Fattohxon To‘raning Rossiya imperiyasi poytaxti Peterburgdagi safari nihoyasiga yetdi. U shu yili otasi tomonidan Peterburgdagi faxriy elchilikka qo‘shib yuborilgan edi. Elchilarga Abdul Qosimbiy va uning mirzasi yozuvchi Ahmad Donish boshchilik qilib borishgan. Ular Rossiya imperatoriga katta sovg‘alar olib borishdi.
Tarixchi olima Rahbar Xoliqovaning yozishicha, Abdul Fattoh 1869 yilning noyabr oyi boshidan 10 dekabrga qadar Peterburgda bo‘lib, imperator Aleksandr II qabulida bo‘ldi. Amir Muzaffar mana shu o‘g‘lining taxt vorisi sifatida tasdiqlanishini imperatordan iltimos qilaman deb yurganida, o‘g‘li yo‘lda shamollab qoldi, uzoq vaqt kasal bo‘lib yurdi va shu yili o‘n uch yoshida to‘satdan vafot etdi.
1890 yil (bundan 130 yil oldin) – turkiy xalqlar milliy ozodlik harakatining yetakchilaridan biri, sharqshunos-turkshunos olim, falsafa doktori Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on tavallud topdi (vafoti 1970 yil). U Istanbul, Bonn, Gyottingen universitetlarida turkiy xalqlar tarixidan dars bergan.
1918 yil (bundan 102 yil oldin) – tarixchi Gulzora Saidboboyevaning qayd etishicha, Toshkent tramvayi Turkiston respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan natsionalizatsiya qilindi (davlat mulkiga aylantirildi). Shu yilning 10 sentyabridan shahar dizel stansiyasida yoqilg‘i yetishmasligi va ko‘plab vagonlarning nosozligi, o‘lkada sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, Belgiyadan kelgan mutaxassislarning o‘z vatanlariga ketib qolishi tufayli tramvay qatnovi to‘xtagan edi. 1920 yilga kelgandagina shaharda nomuntazam tramvay harakati qayta tiklandi.
1922 yil (bundan 98 yil oldin) – tarixchi Asror Pardayevning qayd etishicha, Xorazm respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Xiva va Chorjo‘y yo‘nalishida samolyot liniyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqardi. Shu yilning 16 dekabrida esa Xiva shahrida aerodrom qurish uchun 3 tanob yer ajratish to‘g‘risida qaror chiqarildi. Natijada Xiva shahrida 3 tanob yerga dastlabki aerodrom qurildi.
1928 yil (bundan 92 yil oldin) – nevropatolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Nabi Majidov tavallud topdi.
1992 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov (1941–2016) va bastakor Mutal Burhonov (1916–2002) tomonidan tayyorlangan madhiya varianti tasdiqlandi.
2012 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA