BuxDUda jurnalistika bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi
Buxoro davlat universitetida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Jurnalistika sohasida mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Buxoro davlat universitetida yangi yo‘nalishlar – ”Bosma ommaviy axborot vositalari” hamda “Jamoatchilik bilan aloqalar” bakalavriatlari ochildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 25 talaba qabuli rejalashtirilgan (5 ta grant, 20 ta kontrakt).
O‘qish jurnalistika sohasida mamlakatimizda yetakchi oliy o‘quv yurt hisoblangan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan o‘quv rejalar va fan dasturlari asosida tashkil etiladi.
Jurnalistika kasbi talablariga muvofiq o‘qish paytida jurnalistik amaliyotga alohida e’tibor beriladi. Ya’ni, butun semestr davomida asosiy o‘qishdan bo‘sh vaqtda talabalar tomonidan viloyat, shahar, tuman gazetalari, radio va televideniye hamda matbuot markazlari ishlarida qatnashishadi.
Jurnalistika tez rivojlanib borayotgan murakkab soha bo‘lganligi sababli bo‘lajak talabalar ingliz va rus tillarini bilishlari maqsadga muvofiq. O‘shanda ular uchun eng zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlar bilan tanishib borishga imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA