BuxDU talabalarning Orolboʻyida oʻz koʻchati bor
Buxoro davlat universiteti talabalari “Biz tabiat uchun masʼulmiz” aksiyasi doirasida Orolboʻyi mintaqasida boʻldi
Buxoro davlat universiteti talabalari “Biz tabiat uchun masʼulmiz” aksiyasi doirasida Orolboʻyi mintaqasida boʻldi.
Talabalar tashrifi Qoraqalpoq davlat universitetidan boshlandi. Aksiya ishtirokchilari oliy oʻquv yurti Biologiya fakultetining zoologiya muzeyi, zoologiya va tuproqni oʻrganishga ixtisoslashgan laboratoriyalari bilan tanishdi. Ular fakultet binosi atrofida 100 tupdan ortiq tut nihollarini oʻtqazishdi.
Uzoq vaqt davomida tabiatga bepisandlik oqibatida Orol dengizi hududida ekologik kulfat roʻy berib, 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan Orolqum sahrosi paydo boʻldi. Har yili uning tubidan shamol orqali koʻtarilgan million tonnalab tuz va qum atrof-muhitga tarqalmoqda. Bu ayniqsa, dengiz yaqinida boʻlgan Moʻynoq tumani ijtimoiy- iqtisodiy hayoti va ekologiyasiga salbiy taʼsir yetkazdi.
Ammo davlatimiz rahbariyati hududda ahvolni oʻnglash, kishilar turmush sharoitini yaxshilashga doimiy eʼtibor qaratayotir. Bu moʻynoqliklarga kuch- gʻayrat bagʻishlamoqda. Ular ekologik muammolarni matonat bilan yengib, tumanni “Sahro marvaridi”ga aylantirishda shijoat koʻrsatmoqda. Bu borada mamlakatimiz turli mintaqalari vakillari ularga yelkadosh. Buxorolik talabalarning Orolboʻyiga safaridan bosh maqsad ham shu edi.
–Biz dastavval Moʻynoqning Alibek ovulidagi 17-umumtaʼlim maktabida boʻldik, – deydi Buxoro davlat universiteti Ekologiya va geografiya kafedrasi mudiri Yoqub Xolov. – Pedagogik jamoa va iqtidorli oʻquvchilar bilan muloqot qiziqarli oʻtdi. Faol oʻquvchilar kitoblar bilan taqdirlandi. Shuningdek, maktab kutubxonasi fondiga 80 ga yaqin turli kitoblar sovgʻa qilindi. Maktab hovlisida aksiya ishtirokchilar 100 tupdan ziyod daraxt koʻchatlarini ekishdi. Faqat bu emas. Talabalarimiz Moʻynoq shahrida hududning buguni va oʻtmishidan hikoya qiluvchi ekologiya muzeyiga tashrif buyurdi. Ular moziygoh hovlisida ham Buxoro vohasidan olib kelingan, shoʻr tuproqda oʻsishga moslashgan tut va boshqa daraxt koʻchatlarini oʻtqazdi.
Orol dengizining sobiq qirgʻoqlarida ham 200 dan ortiq saksovul koʻchatlari ekildi. Shuningdek, Orolning qurigan tubini koʻkalamzorlashtirishga oʻz hissasini qoʻshayotgan buxorolik oʻrmonchilar bilan ham uchrashib, ularga oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.
Aksiya qatnashchilari Orolboʻyiga safar doirasida qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, turmush-tarzi, sanʼati, tabiati, xalqning orzu-armonlari-yu kechinmalari haqida maʼlumot beruvchi I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi va Qizil kitobga kiritilgan koʻplab oʻsimlik va jonivorlar asralayotgan maxsus muhofaza qilinadigan hudud Quyi Amudaryo biosfera rezervatiga (sobiq Bodaytoʻqay qoʻriqxonasi) ham tashrif buyurdi.