Bunyodkorlar bayrami qizg‘in nishonlandi
Guliston shahridagi “Navro‘z” tantanalar uyida “Qurilish sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda qurilish va bunyodkorlik ishlari ko‘lami hamda sifati yil sayin ortib borayotganini, bu jarayonda sohadagi har bir mutaxassisning mehnati beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Ayni paytda Sirdaryo viloyati ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan. Davlatimiz rahbarining “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida joriy yilda davlat dasturlari asosida 1,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 810 ta yirik loyihani amalga oshirish belgilangan. Jumladan, 40 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 58 ta umumta’lim maktabi, 48 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 124 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari, 17 ta suv ta’minoti, 10 ta irrigatsiya va melioratsiya, 4 ta elektr ta’minoti hamda 454 ta yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, 55 ta boshqa yo‘nalishdagi inshootlarda ham zamonaviy bunyodkorlik jarayonlari davom etmoqda.


– Birgina uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida shu yilning o‘zida “Yangi O‘zbekiston” massivlari va talab yuqori bo‘lgan hududlarda 3 100 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylarni bosqichma-bosqich qurish rejalashtirilgan, – deydi Sirdaryo viloyati uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Ro‘zmatov. – Bu bunyodkorlik ishlari nafaqat shahar va tumanlar qiyofasini tubdan o‘zgartiradi, balki har bir oila uchun qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng sohada ko‘p yillar fidokorona mehnat qilgan mutaxassislar viloyat hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu e’tirof ularning yuksak mas’uliyat va tashabbus bilan amalga oshirgan ishlariga berilayotgan munosib baho sifatida baholandi.

Tadbir bayramona kayfiyatda o‘tib, go‘zal kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri