Buloqboshida yetishtirilgan mevalar eksport qilinmoqda
Bog‘dorchilik
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojida bog‘dorchilikning o‘rni va ahamiyati nihoyatda katta. Xalqimiz dasturxonini sifatli va sarxil mevalar bilan ta’minlash maqsadida yurtimizda bog‘dorchilik rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Andijon viloyati Buloqboshi tumanida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, sohani rivojlantirish, bog‘lar hosildorligini ko‘tarish, yangi bog‘lar yaratish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, meva va uzum eksporti hajmini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tumanda bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan 132 tafermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan bir ming gektarga yaqin bog‘ va tokzorlar parvarish qilinmoqda. Ana shu xo‘jaliklar, qolaversa, aholi xonadonlarida yetishtirilayotgan sarxil, vitaminga boy meva va uzumlar nafaqat xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlamoqda, balki ko‘plab xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
[gallery-18321]
Buloqboshi tumanida bog‘dorchilik, meva yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Bog‘ parvarishida ilg‘or texnologiya va tajribalar amaliyotga tatbiq etilayotganligi, turli kasalliklarga qarshi belgilangan tartibda ishlov berilayotganligi, umuman, belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bog‘lardan yuqori hosil olish imkonini bermoqda.
Tumandagi “Do‘lanlik bog‘bon mevasi”, “Muhammadali Burxonov”, “Isayev Ilyosbek”, “Gayratbek Mo‘minov” singari ilg‘or bog‘dorchilik-uzumchilik xo‘jaliklarida ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilda tumandagi mavjud shaftoli, o‘rik, olma, gilos va olxo‘ri bog‘laridan yuqori hosil olindi. Yetishtirilgan hosil ichki bozorda sotilmoqda, ma’lum qismi eksport qilinmoqda.
– O‘tgan yili tumanda 1,9 million dollarlik meva-sabzavot, uzum va quritilgan meva eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda 5 million 44 ming dollar qiymatdagi meva, sabzavot va uzum eksport qilinishi rejalashtirilgan, – deydi Buloqboshi tumani hokimi o‘rinbosari Elyorbek Nishonov. – O‘tgan olti oyda esa 1 million 350 ming dollarlik gilos, o‘rik, turli sabzavotlar qator xorijiy davlatlarga eksport qilindi.
Tumanda bog‘bon va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavotlarni sotish, eksport qilish ishlari “Frech Fruit EX-IMP-2022”, “Buloqboshi eko agro”, “Axmadjon Eko Frut”, “Farruh Farxod textile” singari eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
– Korxonamiz tasarrufida 28 gektar yer bo‘lib, asosan, piyoz, sarimsoqpiyoz va kartoshka yetishtiramiz, – deydi tumandagi “Buloqboshi eko agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Egamberdi Sobirov. – O‘zimiz yetishtirgan mahsulotlar, shuningdek, tumandagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan mevalarni xarid qilib, asosan, Rossiya, Polsha davlatlariga eksport qilamiz.
Bundan tashqari 700 tonna sig‘imga ega muzlatkichimizda meva-sabzavotlarni saqlab, qish-bahor oylarida ichki va qo‘shni davlatlar bozoriga yetkazib beramiz.
Qumariq mahallasi hududida joylashgan “Jaloliddin Qodirov” fermer xo‘jaligi tomonidan 8,6 gektar bog‘da asosan, olma va shaftoli yetishtiriladi.
– Bu yil mevalardan mo‘l hosil yetishtirildi, – deydi xo‘jalik rahbari Jaloliddin Qodirov. – Mevalarni ichki bozorda sotyapmiz, ma’lum qismi esa eksportyor korxonalar orqali qo‘shni davlatlarga, Rossiyaga eksport qilinmoqda.
Ochig‘i, xo‘jalik bog‘ida yetishtirilgan chiroyli, bolday shirin, servitamin olma va shaftolilarni ko‘rgan kishining ko‘zi quvonadi. El-yurt dasturxonini ana shunday mevalar bilan to‘ldirayotgan bog‘bonlar mehnatiga har qancha tahsinlar aytsa yarashadi.
Buloqboshi tumanida uzumchilik bilan shug‘ullanib yuqori hosil, katta daromad olayotgan fermer xo‘jaliklar talaygina, qolaversa, uzum yetishtirish tumandagi qator mahallalarning asosiy drayveriga aylangan.
– Xo‘jaligimiz 12,8 gektar maydonda uzum bog‘i tashkil etgan, – deydi “Muhammadali Burxonov” fermer xo‘jaligi rahbari M.Burxonov. – Bog‘imizda “Andijon qora”, “Rizamat ota”, “Husayni”, “Kelin barmoq” singari serhosil mahalliy nav uzumlar parvarish qilinmoqda. Bog‘imiz hali yosh barpo etilganiga bu yil to‘rt yil bo‘ldi. O‘tgan yili gektaridan 3-5 tonna hosil olgan bo‘lsak, bu yil 10 tonnagacha hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Yetishtirilgan mahsulotni ichki bozorda sotamiz, asosiy qismini esa eksportyor korxonalar orqali Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya davlatlariga eksport qilamiz.
Shu o‘rinda aytish kerakki, tumanda aholining uzumchilik sohasidagi tajribasidan kelib chiqib Toshkechik, Uchko‘cha, Buyuk turon, Qumguzar, Farovon, Xontepa, Guliston, Boymahalla, Yuksalish, Shoxguzar va Do‘lana mahallalari uzum yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda.
Mazkur mahallalar aholi xonadonlaridagi mavjud 300 gektardan ziyod tomorqa maydonidan yiliga 7-10 ming tonna uzum yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari “Buloqboshi tajribasi” sifatida mahalla ko‘chalariga so‘rtoklar qurilayotganligi ham yuqori samara bermoqda.
Keyingi uch yil ichida tumandagi 21 ta mahallaning 40 ta ko‘chasida 982 ta xonadonda kredit evaziga 26 kilometr uzunlikdagi uzum ishkomlari barpo etildi. Qurilgan so‘rtoklarning ma’lum qismiga yangi ko‘chatlar o‘tkazildi. Ushbu tajribani davom ettirib, 2025 yil yakuniga qadar yana 20 kilometr ichki yo‘llarga ishkomlar qurish orqali 300 gektar yangi tokzorlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, tumanda yetishtirilgan mevalarni eksportyor korxonalar tomonidan sotib olish, eksportga yo‘naltirish borasidagi ishlarga e’tibor yanada kuchaytirilishi lozim. Chunki mevalar pishgan, hosil mo‘l. Ular o‘z vaqtida uzib sotilmasa yoki muzxonalarga saqlashga qo‘yilmasa, mevalar isrof bo‘ladi, qolaversa, bog‘bonlarning daromadi kamayadi. Bu ishlarni samarali tashkil etish nafaqat xo‘jaliklar, balki tuman iqtisodiyotini ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun Buloqboshi tumanida bog‘dorchilikni rivojlantirish, meva-sabzavot eksporti hajmini oshirish, umuman, bog‘dorchilikni yuqori daromad keltiradigan tarmoqqa aylantirishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.