Bugun – temir yo‘l transporti xodimlari kuni
Temir yo‘l shunchaki manzildan manzilga eltuvchi yo‘l emas. U mamlakat iqtisodiyotining po‘lat tomiri, savdo-sotiq, sanoat va turizmni bir-biriga bog‘laydigan ishonchli ko‘prikdir.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyoti kuchli davlatlarning aksariyatida temir yo‘l tarmog‘i ham rivojlangan. Bir poyezd yuzlab yuk mashinalari tashiydigan yukni bir vaqtning o‘zida manziliga yetkazishi mumkin. Bu esa yoqilg‘i sarfini kamaytiradi, ekologik ta’sirni pasaytiradi va mahsulotlarning arzon hamda tez yetkazib berilishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston ham qit’alarni bog‘lovchi muhim transport chorrahasida joylashgan. Mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘i Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Yevropa va Osiyo bozorlarini bog‘lovchi xalqaro transport yo‘laklarining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Temir yo‘l orqali eksport va import yuklari xavfsiz va samarali tashilib, tashqi savdo hajmini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiy o‘sishga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatining kengayishi, vokzallar infratuzilmasining yangilanishi, raqamli xizmatlarning joriy etilishi va logistika imkoniyatlarining oshirilishi sohadagi keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.
Temir yo‘l tizimida mehnat qilayotgan minglab fidoyi insonlar har kuni yo‘lovchilar xavfsizligi, yuklarning o‘z vaqtida manzilga yetib borishi va mamlakat iqtisodiyotining barqaror ishlashi uchun mas’uliyat bilan xizmat qilmoqda. Ularning mehnati ortida millionlab insonlarning manfaati, yurt taraqqiyoti va kelajakka ishonch mujassam.
Nigora Rahmonova, O‘zA