Bugun Superliga peshqadamlari to‘qnashadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turida “Surxon“ — “Bunyodkor“ bahsi Samarqandda joylashgan “Dinamo” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Keskin va shiddatli o‘tgan bahsda poytaxt klubi a’zosi Najmiddin Normurodov 34-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi va ushbu gol o‘yin taqdirini hal qildi. Shu tariqa, “qaldirg‘ochlar“ g‘alaba natijasida ochkolarini 18 taka yetkazib olgan holda 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Bugun, 23 sentyabr kuni Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Nasaf” va “OKMK” klublari o‘zaro raqobatlashadi. Bu uchrashuv barcha futbol muxlisu-mutaxassislari e’tiborida bo‘lishi shubhasiz. Ayni damda, “Nasaf” 41 ochko bilan Superligada peshqadam bo‘lib turibdi. “OKMK” esa 35 ochko bilan Qarshi shahri jamoasini ta’qib qilib kelmoqda.
Shu bois ham bugungi uchrashuvda har ikki jamoa ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi. Agarda Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi bu bahsni g‘alaba bilan yakunlasa, chempionlikni deyarli hal qilib qo‘ygan bo‘ladi. Ammo Mirjalol Qosimov jamoasi bu yilda o‘zgacha o‘yin namoyish etmoqda va kuchli raqib jamoalarga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatib, o‘zi uchun kerakli bo‘lgan natijani qayd etayotir.

Superliganing 19-turidan o‘rin olgan Nasaf — OKMK uchrashuvini G‘ayrat Jo‘rayev boshqarib boradi. Unga qanotlarda Husniddin Shodmonov va Shavkat Rahmonov yordam beradi. Zaxira hakami sifatida Ma’mur Ilhomov ishlaydi. VAR pultida Ibrohim Ismoilov bo‘ladi. VAR assistenti sifatida Timur Gaynullin yordam beradi. Hakamlar ishini Bobur Haydarov nazorat qiladi. Davron Ibrohim bellashuvda komissarlik qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA