Bugun minglab yoshlar kitob o‘qish g‘oyasi atrofida birlashyapti (+video)
Ko‘zlarimiz ko‘rib turgan olam, odam, koinot, hayvonot va nabotot bir qarashda oddiy, sinoatsiz tuyuladi. Ammo ilm bilan yondashilsa, tirik jon borki, sirlarini ochaveradi. Mana nima uchun ilm olish va kitob o‘qish kerak.
Keling, shu o‘rinda kitob o‘qishning ilmiy isbotlangan ba’zi foydalarini keltirib o‘tamiz. Mutolaa, avvalo, asabni tinchlantiradi. Asabi tinch inson atrofdagilar oldida hurmatga erishib boraveradi, o‘zgalarga zarari tegmaydi. Mutolaa tushkunlikka qarshi kurashishda ham ko‘mak beradi. Hayotning o‘nqir-cho‘nqirlaridan qat’iyat bilan o‘ta olgan insonda yashashga, yaratuvchanlikka ishtiyoq oshadi. Mutolaa xotirani va fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi. Biz har kuni kerak bo‘lsa, o‘nlab insonlar bilan muloqot qilamiz, turli axborotlarga duch kelamiz. Kitob bilan hamroh inson mana shu axborotlarni to‘g‘ri talqin qila olish va ular haqida shaxsiy fikrga ega bo‘lish qobiliyatini shakllantiradi. Natijada o‘z “men”ini saqlab qoladi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Moliyaviy masalalar, salomatlik savodxonligi, jinoyatchilikdan yiroq yurish va hokazo, va hokazo... Bularning barchasiga mutolaaga ishtiyoq bilan yechim topish mumkinligini hayotning o‘zi isbotlab bo‘lgan.
Mana nima uchun bugungi yangi O‘zbekiston yoshlari kitobga oshufta qilinmoqda. Barchasining zamirida zamonaviy ilmlar va kashfiyotlarga yondosh bo‘lish, ular asosida yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish yotibdi.
Joriy yil boshida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mamlakatimizda kitob o‘qish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yangi nashrlar va tarjimalarni yo‘lga qo‘yish hamda aholi orasida kitobga qiziqishni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning navbatdagisi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish chog‘ida bir fikrni alohida urg‘u bilan ta’kidladi: “Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi”.
Yurtimizda 2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” kabi tanlovlar va unda g‘olib bo‘lganlarni alohida rag‘batlantirish an’anaga aylanib ulgurdi.
Joriy yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi respublika bosqichi yakunlandi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan 42 nafar eng bilimdon va zukko yoshlar o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etdi. Tanlovning uch nafar g‘olibi Prezident sovg‘asi – zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlandi.
“Mazkur tanlovda qanday yoshlar g‘olib bo‘ldi, ularning salohiyati nimasi bilan ajralib turadi?” degan savol tug‘ilishi mumkin.
– Prezidentimiz 2017-yil birinchi marta "Yosh kitobxon" tanlovini e’lon qilgandi va o‘shanda “Avtomobil berib bo‘lsa ham, kitob o‘qitaman”, degandi. Mana, hozir minglab yoshlar kitob o‘qish g‘oyasi atrofida birlashyapti, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Eng muhimi, iqtidorlar faqat shahar markazidan emas, eng olis, chekka hududlardan ham kashf etilyapti. G‘oliblarimiz qanday qilib saralanganligi va qayerdan kelishganligiga e’tibor bering. G‘olib bo‘lgan yoshlarimiz olis hududlar, maktablar, mahallalardan kelgan.
Masalan, Jizzax viloyati Zomin tumanining olis mahallasidan oddiy bir dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan oilaning farzandi bugun kitobxonlik tanlovining g‘olibiga aylandi yoki yana bir yosh g‘olibimiz Surxondaryo viloyati Uzun tumanidan, yana bir g‘olibimiz esa Buxoro viloyatining Peshku tumanidan. Ularning barchasi uzoq, chekka hududdan kelgan. Davlatimiz rahbari bu boradagi natijalar ko‘lamini his qilib belgilab berganidek endi biz yanada katta marraga intilamiz, yangi kitobxonlik milliy harakatini boshlaymiz. Milliy kitobxonlik harakati, bu jamiyatimizni, yoshlarimizni kitobxonlikka keng targ‘ib qilish, ularga turtki bo‘lish uchun yo‘lga qo‘yilyapti. Buning zamirida muhim maqsad bor. Har bir yosh kitob o‘qishda ilg‘or bo‘ladi, g‘olib bo‘lishga intiladi. Demak, buni yana qo‘llab-quvvatlashimiz, rivojlantirishimiz zarur.
Vaqt – bebaho ne’mat. Ammo mutolaaga sarflangan vaqt undan-da qiymatli sanaladi. Bugun kitobxonlik tanlovida ishtirok etish yoshlarga nimalar bermoqda, ularning ota-onalarida qanday hissiyotlar bo‘lmoqda?
– "Yosh kitobxon" tanlovida qizim Farzonaxon Nosirova beshta bosqichdan a’lo baholarda o‘tib, avtomashina yutib olishga muvaffaq bo‘ldi. Farzandning yutug‘i, ayniqsa, ilm yo‘lida erishgan marrasidan quvonish hissi boshqacha bo‘lar ekan. Barcha yoshlarni mana shunday kitobxonlikka undab, yuksak marralarni zabt etishini tilab qolaman. – dedi Buxoro viloyati Peshku tumani “Turkiston” mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori Nosir Bog‘iyev.
– Bu tanlovni tashkil qilgan hurmatli Prezidentimizga katta rahmat. Hozir hamma joyda o‘quvchilar kitobxonlikka targ‘ib qilinyapti. Shunday ekan, biz faqat o‘qishimiz kerak. Kitob o‘qish, u orqali rag‘batga erishishning gashti boshqacha. Men juda xursandman. Mashinani esa albatta, otajonimga berishni xohladim, – dedi "Yosh kitobxon" tanlovi g‘olibi Farzonaxon.
Videosi qo‘yida:
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/o8vRdRMu-YA?si=vDXN1R3VBkx3d3Ui" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, Yoqub MELIBOEV (video),
O‘zA