Bugun kechqurun atmosferada inversiya hodisasi kuzatilishi mumkin — Ekologiya qo‘mitasi
Bugun 22-sentabr soat 21:00 dan 23-sentabr tongi soat 4:00 gacha yer yuzasidagi havo sovib, yuqoriroq qatlamdagi havo iliqroq qolishi natijasida harorat inversiyasi shakllanishi kutilmoqda
Meteorologik prognozga ko‘ra, shamol tezligi Toshkent shahrida ayrim soatlarda 0,5–1 m/s gacha pasayadi, havoning vertikal aralashuvi esa sekinlashadi.
Yog‘ingarchilik kutilmayotgani sababli havodagi zarrachalarning uzoqroq muddat havoda qolib ketish ehtimolligi mavjud. Bu omillar PM2.5 va PM10 zarrachalarining yerga yaqin qatlamda to‘planishiga qulay sharoit yaratadi.
Prognozlar poytaxtning aksariyat hududlarida sutkaning 22:00 va 1:00 oralig‘ida havo sifati AQI standartiga ko‘ra "sezgir guruhlar uchun nosog‘lom" darajagacha yomonlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ertalab yer yuzasi isib, inversiya zaiflashishi va vertikal aralashuv kuchayishi bilan havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Shu sababli kechki vaqtlarda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik tavsiya qilinadi.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda, deyiladi Ekologiya qo‘mitasi xabarida.
O‘zA