Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
Matbuot, ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri – uni mutolaa qila turib, bugun odamlar nima tashvish bilan yashayotgani, dunyoni nimalar bezovta qilayotgani sezib, his etib turasiz.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida e’lon qilingan “Kimyo sanoatidagi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha axborot berildi” nomli sharh, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ”Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari” hamda “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarorlari o‘rin olgan. “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadi”, “Xalqaro reytinglardagi nufuzimiz yurtimizning dunyodagi o‘rni va mavqeini mustahkamlaydi”, “O‘zi uchar “qush” parvozi” kabi maqolalarda yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar aks etgan. Don chiqindilaridan foydali ozuqa, davlat tibbiy sug‘urtasi, yurtimizdagi totuvlik va diniy bag‘rikenglik ruhi aks etgan maqolalar ham e’tibordan chetda qolmaydi.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbarining ikki qarori va kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimotiga oid sharh bilan tanishasiz. Senat yalpi majlisi oldidan, dunyo nigohi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida, bir-biriga suyangan tog‘lar yoki taqdirimiz chambarchas bog‘liq nomli maqolalarda davr, zamon ruhi bor.
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” – ma’naviy-ma’rifiy gazeta. bugungi sonini o‘qib, yana bir bor ko‘ngildan kechgan bu fikrlarga ishonch hosil qilasiz. Jurnalist Otabek Isroilovning “Vatanimning qo‘sh qanoti” hamda O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Jayhun shamollari” she’rida o‘zbek – qoraqalpoq do‘stligini ulug‘lanadi. “Maqsud Shayxzodaning adabiy merosi Ozarbayjonda” maqolasi, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol hamda Dilshoda Saydolimova, Shahnoza Ro‘ziyevaning she’rlari, shuningdek, Gulchehra Asronovaning “Qovun tilimi” hikoyasini zavq bilan mutolaa qilasiz. Zuhriddin Isomiddinovning “Tarjimadagi “kemtik”lar”, Abdujalol Rahimning “Shoirning qalb navolari”, Nigoraxon Hoshimovaning “Tong va shom aro” – bir hikoya talqini, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Isloh ne demakdur?” nomli adabiy-ma’rifiy maqolalari ham ko‘ngilga ozuqa bo‘la oladi.
“Adolat”da o‘quvchi e’tiborini tortadigan maqolalar bir qancha. “Qardosh ikki millat do‘stligi abadiydir” hamda “Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi” maqolalari azaliy do‘stlik masalasiga bag‘ishlanadi. “Donishmandning to‘qsoningchi dovoni”, “Kim kimni aldayapti?”, “Mis o‘g‘rilarning misi chiqdi”, “Nega xotiningga qalish olib bermading...” kabi maqolalarni mutolaa qilib, o‘tgan vaqtingizga achinmaysiz.
“Vatanparvar” – tom ma’noda Vatanga muhabbat tuyg‘usini targ‘ib qiluvchi gazeta. “Kasbiy mahorat oshirilmoqda”, “Men askarman – vatan posboni” sahifalari gazetxonga iliq taassurot qoldiradi. “Kelajak bizniki”, “Merganlar bahsi”, “Mardlik ilm bilan qo‘shilgan kuch” kabi sahifalar zamirida hayotni anglash, yurt, vatan qadri kabi tuyg‘ular ustuvorligini ko‘rasiz. “Vatanparvar”ning bugungi sonidan o‘rin olgan boshqa maqola, xabar va reportajlar ham rang-barangligi va qiziqarliligi bilan diqqatga sazovor.
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA