Bugun futbol bayrami: Mundiallar tarixidagi eng yirik musobaqa boshlanmoqda
Bugun, 11-iyun kuni futbol muxlislari intiqlik bilan kutgan 2026-yilgi Jahon chempionatiga rasman start beriladi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan nufuzli musobaqa tarixdagi eng yirik mundial sifatida qayd etilmoqda.
Unda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi hamda jamoalar to‘rttadan 12 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib boradi. Turnir 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etib, uch mamlakatning 16 shahrida tashkil etiladi.
Mundialning ochilish bahsi Meksika poytaxti Mexiko shahridagi afsonaviy “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda mezbon Meksika terma jamoasi Janubiy Afrika Respublikasi futbolchilariga qarshi maydonga tushadi. Shu tariqa, mazkur arena tarixda uchinchi marta Jahon chempionati ochilish uchrashuviga mezbonlik qilgan noyob stadion sifatida futbol olami diqqat-markazida bo‘ladi.

Jahon chempionatining guruh bosqichi bahslari 11–27-iyun kunlari o‘tkaziladi. Yangi formatga ko‘ra, har bir guruhdan birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni olgan eng yaxshi sakkizta terma jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Pley-off bosqichi 28-iyundan start oladi. 1/16 final uchrashuvlari 28-iyun – 3-iyul, 1/8 finallar 4–7-iyul, chorak finallar 9–11-iyul, yarim finallar esa 14–15-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Uchinchi o‘rin uchun bahs 18-iyul kuniga belgilangan bo‘lsa, final uchrashuvi 19-iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shahridagi “Metlayf” stadionida o‘tkaziladi.
Jahon chempionatining ochilish marosimi ham futbol bayramining ajralmas qismi sifatida millionlab muxlislar e’tiborini o‘ziga qaratadi. FIFA ma’lumotiga ko‘ra, tantanali tadbir uchrashuv boshlanishidan 90 daqiqa avval start oladi.

Marosimning asosiy mehmonlari sifatida kolumbiyalik mashhur xonanda Shakira hamda nigeriyalik ijrochi Burna Boy sahnaga chiqadi. Ular mundialning rasmiy qo‘shig‘i — «Dai Dai» kompozitsiyasini ilk bor jonli ijroda taqdim etadi. Shuningdek, Jey Balvin, Tayla, Alexandro Fernandes, Belinda, Denni Oushen, Lila Dauns, «Mana» kabi mashhur ijodkorlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
E’tiborli jihati, 2026-yilgi mundial tarixda birinchi marta uchta alohida ochilish marosimi bilan o‘tadi. Meksikadagi tantanalardan so‘ng Kanada va AQSHda ham mezbon mamlakatlarning ilk o‘yinlari oldidan maxsus shou-dasturlar tashkil etiladi.
Bu yilgi Jahon chempionati rekord darajadagi mukofot jamg‘armasi bilan ham ahamiyatli. FIFA qaroriga ko‘ra, 48 ta ishtirokchi jamoa o‘rtasida taqsimlanadigan umumiy mukofot jamg‘armasi 871 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Yangi tartibga muvofiq, musobaqaga tayyorgarlik uchun har bir jamoaga 2,5 million dollar miqdorida subsidiya ajratiladi. Shuningdek, final bosqichiga yo‘l olgan har bir terma jamoa uchun kafolatlangan mukofot puli 10 million dollar etib belgilangan.
Qo‘shimcha ravishda, ishtirokchi delegatsiyalarning yashash xarajatlari qoplanishi hamda muxlislar uchun kengaytirilgan chipta kvotalari joriy etildi.
Yangilangan taqsimotga ko‘ra, chempion jamoa 50 million dollar, finalchi 33 million dollar, uchinchi o‘rin sohibi 29 million dollar, to‘rtinchi o‘rin esa 27 million dollar mukofot oladi. Shuningdek, chorak finalchilarga 19 million, 1/8 final ishtirokchilariga 15 million, 17–32 o‘rinlarni egallagan jamoalarga 11 million, 33–48 o‘rinlardagi terma jamoalarga esa 10 million dollardan taqdim etiladi.

Shu tariqa, mundialda ishtirok etayotgan har bir mamlakat uchun kamida 12,5 million dollarlik moliyaviy paket kafolatlandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk o‘yini 18-iyun kuni soat 07:00 da Mexiko shahridagi “Asteka” stadionida Kolumbiya termasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Shu tariqa, millionlab futbol muxlislari diqqat-markazida bo‘ladigan ushbu musobaqa bir oydan sal ko‘proq vaqt davomida sayyoramizning eng yirik sport voqeasiga aylanishi shubhasiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA