Bryussel jazodan murosaga o‘tmoqdami?
Yevropa Ittifoqi Vengriyaga nisbatan sakkiz yildan buyon amalda bo‘lgan eng keskin siyosiy mexanizm — 7-modda tartibini bekor qilishga yaqin turibdi. “Yadroviy chora” deb ataluvchi ushbu tartib-qoida mamlakatni hatto Yevropa Ittifoqidagi ovoz berish huquqidan mahrum etishi ham mumkin edi. Biroq Peter Madyar hukumati davrida Budapeshtning bir qator bahsli qonunlarni qayta ko‘rib chiqqani Bryusselning munosabatini o‘zgartirmoqda.
Hal qiluvchi bosqich oktyabr oyida boshlanadi. Yevroparlament delegatsiyasi Vengriyaga tashrif buyurib, mamlakatdagi qonun ustuvorligi va demokratiya bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganadi. Shundan so‘ng tayyorlanadigan hisobot sakkiz yillik munozaraga yakun yasashi mumkin.
Jarayonni tugatish uchun Yevroparlamentning 719 nafar deputatidan kamida 480 nafari buni qo‘llab-quvvatlashi lozim. O‘ng va konservativ kuchlar qarorni yoqlashi kutilayotgan bo‘lsa, so‘l qanot qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, hal qiluvchi ovoz markazchi va liberal siyosiy guruhlarga bog‘liq bo‘ladi.
Agar 7-modda tartibi bekor qilinsa, bu nafaqat Vengriya uchun siyosiy g‘alaba bo‘ladi. Bu, shuningdek, Yevropa Ittifoqining o‘zi uchun ham muhim signalga aylanadi: Bryussel a’zo davlatlar bilan munosabatlarda jazolash siyosati o‘rniga islohotlar orqali murosaga kelish yo‘lini tanlayaptimi? Vengriya masalasiga oid yakuniy javob 2027-yil boshida ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA