Braziliya Prezidenti Trampdan nega norozi?
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva BRIKS assotsiatsiyasi AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan tanqid qilinganiga noroziligini bildirdi hamda tuzilmaga a’zo mamlakatlarga boj joriy etish fikrini qoraladi.
– BRIKS yig‘ilishiga qarshi hech qanday da’voni qabul qilmaymiz, – dedi u Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan birga o‘tkazgan matbuot anjumanida. – Kecha AQSH Prezidenti tashkilot tarkibidagi mamlakatlarga nisbatan qo‘shimcha soliq solish ehtimoliga shama’ qildi. Biz bu fikrga qo‘shilmaymiz. BRIKS safida tinchlik, taraqqiyot va tengsizlikni bartaraf etishga intilayotgan mamlakatlar birlashgan. Biz urushni, qarama-qarshilikni xohlamaymiz, aksincha mamlakatlar taraqqiy etishini istaymiz.
Gap shundaki, avvalroq BRIKS mamlakatlari milliy valyutalarda hisob-kitob ko‘lamini kengaytirish va hatto blok doirasida umumiy pul birligi yaratish imkoniyatini muhokama qilgan. Shu asnoda Tramp lavozimga kirishgach, BRIKS mamlakatlariga 100 foizlik savdo tarifi bilan tahdid qildi.
Shuningdek, AQSH yetakchisi BRIKS a’zolarini dollarning “global standart” maqomini buzishga urinishda ayblab, “aksil Amerika” siyosatini qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlatga qo‘shimcha boj solish bilan tahdid soldi. Oq uy rahbari ta’kidlashicha, ayni yo‘nalishdagi siyosatda istisno qilinmaydi.
– Fikrimcha, BRIKS jiddiy xavf tug‘dirmaydi, – dedi Tramp Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida jurnalistlarga. – Ularning maqsadi dollarni yo‘q qilish. Ya’ni bu o‘rinni qandaydir boshqa davlat puli egallashi va yangi standart paydo bo‘lishiga erishish. Binobarin, biz hech qanday sharoitda o‘z maqomimizni yo‘qotmaymiz.
U dollarga nisbatan dunyo zaxira valyutasi maqomi yo‘qotilishi jahon urushida mag‘lubiyatga uchrash bilan solishtirish mumkinligidan ogohlantirdi:
– Bu ulkan jahon urushini boy berish bilan barobar. Biz davlatimiz ayni holatga tushishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
S.Rahimov, O‘zA