Brayan Fitspatrik: O‘zbekistonga borishni intiqlik bilan kutyapman
Yaqinda Filadelfiya shahrida AQSH Kongressi Tashqi ishlar qo‘mitasi hamda Vakillar palatasi Razvedka qo‘mitasi a’zosi Brayan Fitspatrik bilan o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samimiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish va do‘stlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tadbir davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning xalqaro maydondagi faolligi hamda ikki davlat munosabatining istiqboli haqida so‘z yuritildi.
O‘zA muxbiri uchrashuv doirasida Kongress a’zosi Brayan Fitspatrik bilan qisqa suhbat uyushtirdi.
– Janob Fitspatrik, bugungi yig‘indan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?
– Asosiy maqsadimiz – Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan yaqin aloqa o‘rnatish. Ayni payt biz Baks okrugidamiz va bu yerda o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Kasb nuqtai nazaridan vazifamiz – turli etnik jamoalarni birlashtirish va dunyoning turli mintaqalaridan kelgan insonlar bilan aloqalarni mustahkamlash.
– Safi jadal kengayib borayotgan o‘zbekistonliklarning jamiyatdagi o‘rni xususida qanday fikrdasiz?
– Ta’kidlash joiz, AQSHda o‘zbek jamoasining o‘rni tobora mustahkamlanyapti. Vatandoshlaringiz Amerika jamiyatining juda muhim qismidir. Turli tadbirlarda qatnashib, sizlardek insonlar bilan uchrashishni yaxshi ko‘rishimning sababi ham shu. Shu tariqa madaniyatingizni o‘rganaman, taomlaringizni tatib ko‘raman, xalqingizni yaqindan taniyman. Maqsadimiz – AQSH va O‘zbekiston munosabatlarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish.
Bilasizmi, biz bir sayyorada yashaymiz. Har bir xalqning o‘ziga xos jihati, fazilatlari bor. Ayni imkoniyatni hamkorlikka yo‘naltirib, xalqaro tartib, dunyo tinchligi, kuchli iqtisodiyot va mustahkam savdo munosabatlarini ta’minlash mumkin.
– Ayting-chi, O‘zbekiston bilan ilk tanishuvingiz qanday kechgan va o‘lkamiz haqida qanday tasavvurga egasiz?
– Darhaqiqat, men hali yurtingizda bo‘lmaganman va O‘zbekistonga borishni intiqlik bilan kutyapman.
O‘zbekistonliklar bilan dastlabki aloqalarim huquqni muhofaza qilish sohasida bo‘lgan. Kongressga kelishimdan oldin men AQSH Federal qidiruv byurosida faoliyat yuritganman.
Vengriyaning Budapesht shahridagi Xalqaro huquqni muhofaza qilish akademiyasi (ILEA)da instruktor sifatida dars berganman. O‘sha mintaqadagi mamlakatlar, jumladan O‘zbekistondan ham huquqni muhofaza qilish xodimlari mazkur akademiyaga ta’lim olish uchun kelishardi.
O‘zbeklar bilan ilk tanishuvim shunday kechgan. Ular bilan muloqot qilib, mamlakatingiz haqida ma’lumot olganman. Hozir esa yurtingizni ko‘proq bilaman.
– Qisqa, lekin mazmunli suhbat uchun tashakkur.
– Rahmat!
Bahodir Sharopov, O‘zA
Filadelfiya, AQSH