Bozorlar nega dezinfeksiya qilinmoqda?
Surxondaryo viloyatida kunlar isib, qir-adir va dalalar, butun borliq yashillikka burkandi.
Surxondaryo viloyatida kunlar isib, qir-adir va dalalar, butun borliq yashillikka burkandi. Ertagi kartoshka, piyoz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari pishib, yetilmoqda. Tabiatning bu inʼomi voha ahlining mamlakatimizdan pandemiya tezroq chekinishiga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlayotir. Joylarda esa koʻzga koʻrinmas ofat kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha kuchaytirilgan tartibda amalga oshirilayotgan zarur chora-tadbirlar davom etmoqda.
Shunga muvofiq bugun vohadagi barcha oziq-ovqat (dehqon) bozorlarida navbatdagi dezinfeksiyalash ishlari bajarilib, odamlarga infeksiyaning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan mazkur tadbirlarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Fuqarolarni karantin talablariga jiddiy rioya etishga chaqirildi.
Viloyatda barcha turdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, koʻcha va xiyobonlar, koʻp qavatli uylar atrofini belgilangan muddatlarda sifatli dezinfeksiya qilishga sanitariya-epedemiologik osoyishtalik markazi, profilaktik dezinfeksiyalash stansiyalari mutaxassislari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, harbiy qismlarning malakali tibbiyot xodimlari ham jalb etilgan.
Erta tongdan viloyat sanitariya-epedemiologik osoyishtalik markazi xodimlari va Mudofaa vazirligining Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari tomonidan Termiz shahridagi “Yashil dunyo” oziq-ovqat (dehqon) bozorini dezinfeksiya qilib chiqildi.
Maʼlumotlarga koʻra, viloyat tumanlari markazi va Termiz shahrida 16 ta oziq-ovqat (dehqon) bozori aholiga savdo xizmati koʻrsatmoqda. Bozorlarda sanitariya-gigiyena qoidalariga qatiy rioya etish hamda narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olish yuzasidan alohida nazorat oʻrnatilgan.