Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi
Nukus shahridagi amfiteatrda “Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Yoshlar ovozi” tanlovi respublika bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, “Yoshlar ovozi” respublika tanlovi davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriq hamda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosi asosida tashkil etilgan.
Tanlov 2021 yilda ilk marotaba o‘tkazilgan bo‘lib, o‘z atrofida 10 mingga yaqin yoshni birlashtirdi. Ishtirokchilardan 87 nafari respublika bosqichida yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ulardan 21 nafariga faxrli o‘rinni egallash nasib qildi. Ochilish marosimida namoyish etilgan videorolikda bu haqida batafsil ma’lumot berildi..
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Besh bosqichli besh tashabbus” olimpiadasi doirasida o‘tkazilayotgan tanlovda bu yil 238 ming nafardan ortiq yosh ro‘yxatdan o‘tdi. Mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal “mahalla – tuman – viloyat – respublika” boshqaruv tizimiga asosan tanlov Nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, besh bosqichdan iborat etib belgilandi. Birinchi saralash bosqichi ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tgan barcha mahallalarda, ikkinchi sektor bosqichi saralash bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida, uchinchi mahalliy bosqich barcha shahar va tumanlarda, to‘rtinchi hududiy bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazildi.
[gallery-7036]
Hududiy bosqich yakunlaridan so‘ng g‘olib va faol qatnashchilar ishtirokida gala-konsertlar uyushtirildi. Maqsad esa yangi ovozlarni kashf etish, ularni katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishlari uchun imkoniyat yaratishdir. Gala-konsertlar televizion formatda suratga olinib, markaziy va mahalliy telekanallar uchun maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlandi hamda namoyish etildi. Bundan tashqari, har bir bosqichdan 10 daqiqali ko‘rsatuv tayyorlanib, jarayonlar yoritib borildi.
Tanlovning respublika bosqichi 10-15 may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tadi. Unda hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 152 nafar ishtirokchi qatnashadi. Tanlovda baxshichilik, an’anaviy ijro, opera hamda estrada kabi 4 ta yo‘nalishda 10-15, 16-22, 23-30 yosh toifalarida yoshlar ishtirok etadi.
Respublika bosqichida 1-o‘rin – 50 million so‘mdan (to‘rt yo‘nalishda, jami 12 ta), 2-o‘rin – 30 million so‘mdan (to‘rt yo‘nalishda, jami 12 ta), 3-o‘rin – 20 million so‘mdan (to‘rt yo‘nalishda, jami 12 ta), shuningdek, qolgan barcha ishtirokchilar – 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Nukus shahrida baxshichilik, an’anaviy ijro, opera hamda estrada yo‘nalishlari bo‘yicha respublika bosqichi, Bo‘zatov tumanidagi Berdaq nomidagi Yoshlar bog‘ida qoraqalpoq milliy taomlari festivali, Bo‘zatov tumani markaziy stadionida festivalining yakuniy gala konserti va g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Shuningdek, ishtirokchilarning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazishlari uchun Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyiga, Prezident maktabi va I.Yusupov nomidagi ijod maktabiga, baxshichilik va opera maktabiga, Xo‘jayli tumanidagi Gyaurqal’a yodgorligiga, Amudaryo tumanidagi Chilpiq qo‘rg‘oniga, Mo‘ynoq tumaniga sayohat tashkil etiladi.
Ochilish marosimida taniqli estrada yulduzlarining konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA