Boysun – sayyohlik makoniga aylanmoqda
Xushmanzara tog‘lar qo‘ynidagi Boysun tumani go‘zal tabiat manzaralari, zilol, shifobaxsh suvlari, boldek shirin tabiiy mevalari bilan dunyoga tanilgan.
Uzoq o‘tmishga borib taqaladigan arxeologik yodgorliklari, nomoddiy madaniy merosi, boy tarixi bilan yetti iqlimga ovoza bo‘lgan.

Serjilo go‘shaga kelgan sayyohlar paleolit davriga oid insoniyat beshigi – Teshiktosh kamari, Amir Temur, Machay g‘orlari, oltmish besh million yillik dinozavrlar izlari, o‘z zamonida muhim istehkom, strategik inshoot vazifasini bajargan Uzundara, Qo‘rg‘onzal, Tumanqo‘rg‘on singari arxeologik yodgorliklari, ming yillik tarixga ega Sayrob chinorlari, Xo‘jamayxona ziyoratgohi bilan yaqindan tanishishni istaydi. Omonxona, Sayrob shifobaxsh suvlaridan, go‘zal tabiat manzaralaridan baxramand bo‘lishga oshiqadi. Keyingi yillarda sayyohlar Xo‘jaqo‘chqor ota anomalik zonasi, Xo‘jag‘urg‘ur ota g‘ori, Tangisar kanoni bilan ham juda qiziqmoqda.

–Insoniyatning eng qadimgi manzilgohlaridan biri bo‘lgan Boysun sayyohlik salohiyati hali ishga solinmagan turistik manzillarga ega hudud,–deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev. – Bu yerlarda zamonaviy mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, deltoplan maydonchalari barpo etish, tog‘ sporti, dor yo‘llari singari turistik maskanlar tashkil etish hududga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladi. Masalan, Boysun tog‘ daralari qo‘ynida Amerikaning Arizona kanonlaridan farq qilmaydigan Tangisar kanoni tabiat zonasi bor.

Bu hudud o‘rta asrlarda muhim strategik joy bo‘lib, savdo karvonlari va qo‘shinlari uchun tranzit vazifasini bajargan. Buxoro, Samarqand va Choshdan Baqtriya va Hindistonga, Hindiston va Baqtriyadan Markaziy Osiyo shaharlariga yuk tashishning eng qisqa yo‘li sanalgan. Endilikda bu joy nafaqat ana shu tarixi balki, jahondagi noyob qizil tog‘ darasi bilan ham ko‘pchilikda qiziqish o‘yg‘otmoqda. Mazkur turistik maskan kelgusida yirik sayyohlik hududga aylantirilib, bu yerda havo sharlari tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mamlakatimizda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor boysunlik tadbirkorlarda ham hududda zamonaviy turizm obektlari barpo etishga qiziqish o‘yg‘otdi. Jumladan, tumandagi “Feruzbek Asl chorvasi” fermer xo‘jaligi Boysun tog‘i yon bag‘ridagi Xo‘ja qo‘chqor ota ziyoratgohi atrofida 150 gektarga yaqin maydonda turizm zonasi barpo etmoqda. Hozirgacha agro, eko va ziyorat turizm shaydolari uchun uchta zamonaviy kottej, uchta o‘tov va yengil konstruksiyali konteyner tipidagi turistlarni qabul qilishga mo‘ljallangan yotoq-joy, yozgi basseyn, serjilo tabiat qo‘ynida dildan suhbat qurib, dam olish uchun tabiiy supalar, tadbirlarga mo‘ljallangan sahna barpo etdi. So‘lim tog‘ etagida bodom, yong‘oq, olma, gilos, uzum, o‘rik, nok kabi mevali daraxt ko‘chatlarini ekib, parvarishlamoqda. Sayyohlarga 20 ga yaqin kishi xizmat ko‘rsatmoqda.

–Bu yer maftunkor tabiat manzaralari, Xo‘jaqo‘chqor ota ziyoratgohi va anomalik zonasi bilan mashhur,– deydi fermer xo‘jaligi rahbari Xurshid To‘raqulov. –Ziyorat, eko, agro turizm shaydolari bilan gavjum bo‘ladigan joy. Keyingi yillarda turistik loyihalar tashabbuskorlariga mamlakatimizda katta imkoniyat va imtiyoz berilmoqda. Bu imkoniyatdan foydalanib 50 o‘rinli xostel, zamonaviy oshxona, mini futbol maydoni, ekoturizm yo‘laklari barpo etmoqchiman. Ov va ekstremal turizmni yo‘lga qo‘yaman. Kvadratsikl, baggi, havo sharlari olib kelaman. Dor yo‘li, aeroplan, deltoplan maydonchasi quraman.

Omonxona shifobaxsh bulog‘i tumandagi Inkobad mahallasida joylashgan. Mutaxassislarning aytishicha, har yili bu yerga mamlakatimiz va qo‘shni davlatlardan 25 mingdan ortiq kishi kelib, shifobaxsh buloq suvidan baxra oladi.

Tog‘larga tutash qishloqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining 160 o‘rinli sanatoriysi, 220 o‘rinli uchta zamonaviy mehmonxona, 12 ta oilaviy mehmon uyi, oshxona, savdo do‘konlari, mo‘’jazgina bozor sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda. So‘lim go‘shada sayyohlar oqimini yanada kengaytirish uchun servis va xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish choralari belgilab olingan.
Viloyat hokimligi yana bir xayrli ishga qo‘l urib, tumanda sohani yangi bosqichda yuksaltirish uchun Tuzbozor, Dashtig‘oz, Bibishirin, Inkobod, Temir darvoza, Mustaqillik va Sayrob mahallalarida turizm xizmatlari va infratuzilmasini yanada rivojlantirishning “yo‘l xaritasi” ni ishlab chiqdi. Bu hududlarda sayyohlarga servis va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari ham berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi “Uzundara” arxeologiya yodgorligini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Sayrob mahallasida Yunon-Baqtriya tarixi muzeyi tashkil etilmoqda.

Uzundara yodgorligi qadimgi Baqtriya va Sug‘diyona davlatlari chegarisida qad rostlagan istehkom. Tadqiqotlar chog‘ida bu yerdan ko‘plab noyob asori-atiqalar topilmoqda. Yangi muzeydan ana shu topilmalar o‘rin oladi. Mutasaddilarning fikricha, olis o‘tmishdan so‘zlaydigan bu ma’naviyat maskani ham mahalliy va xorijlik sayyohlarning Boysun tarixi bilan yaqindan tanishishida muhim o‘rin tutadi.
Joriy yilda so‘lim va betakror tog‘lar qo‘ynida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida Boysunga “Turizm tumani” maqomi berildi. Turizm va madaniy meros vazirligining tumanga bu maqomni berishida ham chuqur ma’no bor. Chunki, hududga kelayotgan turistlar borki, ular yana Boysunga qayta kelishga talpinadi. Toza havosidan bahramand bo‘lib, go‘zal manzaralarini miriqib tomosha qilishni, boy tarixi, milliy hunarmandchilik buyumlari va qadimiy san’ati bilan yaqindan tanishishni istaydi.

–Boysun bizda juda boy taassurot o‘yg‘otdi, –degan edi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga kelgan buyuk britaniyalik Yeva Skalla. – Olis o‘tmishga borib taqaladigan tarixiga, milliy qadriyat va an’analariga, odamlarning mehmondo‘stligi, go‘zal manzaralari-yu, nafis san’atiga maftun bo‘ldik. Bu yurtga yana qayta kelib, sayohat qilishni ko‘nglimizga tugib oldik.

Dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan turistlarning serfayz go‘sha haqidagi samimiy dil so‘zlari ham osmono‘par tog‘lar quchog‘ida yastanib yotgan Boysunning sayyohlik makoniga aylanayotganiga yaqqol dalildir.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA