Boyovutda g‘isht zavodi ishga tushdi
“BIG BRIDGE” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona xitoylik investorlar bilan Boyovut tumani hududida qiymati 13 million AQSH dollariga teng bo‘lgan olovga chidamli pishiq g‘isht hamda madaniylashmagan qamish o‘simligidan qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni maqsad qilgan edi.
Buning uchun Boyovut tumani hokimi 26,7 gektar yer maydoni ajratib berdi va loyiha doirasida olovga chidamli pishiq g‘isht ishlab chiqarish korxonasining qurilish ishlari boshlanib, g‘ishtni toblash uchun mo‘ljallangan pech qurib bitkazildi.
Koronavirus tufayli e’lon qilingan pandemiya oqibatida joriy etilgan cheklovlar investorlarning mazkur loyihani o‘z muddatida amalga oshirishlari uchun o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Pandemiya cheklovlarining yumshashi bilan esa o‘zaro hamkorlik yana tiklanib, investorlar loyihani davom ettirdi. Nihoyat korxona pechi ishga tushirilib, Boyovutda ikkinchi pishiq g‘isht ishlab chiqaruvchi zavod ish faoliyatini boshladi.
Yiliga 10 million dona pishgan g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ish faoliyatini boshlashi bilan 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA