Botir Zokirov serqirra ijodkor edi
O‘zbek estrada san’ati rivojini O‘zbekiston xalq artisti, serqirra ijodkor Botir Zokirov ijodi bilan bog‘lash mantiqan to‘g‘ri. Bevosita u milliy estrada san’ati asoschisi hamdir.
Xalqimizning sevimli san’atkori bo‘lgan Botir Zokirov o‘z davrida o‘zbek bulbuli, deya e’tirof etilgan. Uni nafaqat O‘zbekiston, balki BAA, Turkiya, Ozarbayjon, Italiya kabi davlatlarda hanuz xotirlashadi, qo‘shiqlarini sevib eshitadi.
Botir Zokirov 1936 yil 26 aprel kuni tavallud topgan. Poytaxtdagi o‘rta maktabni tamomlagach, Toshkent Davlat konservatoriyasining vokal fakulteti hamda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik fakultetida tahsil oladi.
1956 yil «Yoshlik» yoshlar ansamblini tuzgandan so‘ng, el og‘ziga tushadi, taniladi. 1957 yil Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro yoshlar va talabalar festivalida u ilk bor «Arab tangosi»ni ijro etadi. Plastinkaga yozib olingan bu qo‘shiq tezda dunyo bo‘ylab tarqaladi. Biroz muddat vaqt o‘tib, uning dovrug‘i sobiq ittifoq hududi bo‘ylab yoyiladi.
60 yillar o‘zbek estradasida Botir Zokirov ijrosida italyan, fransuz, ispan, rus, yunon tilidagi qo‘shiqlar jaranglay boshlagan. San’atkor 1972 yilda Toshkent shahrida ilk musiqiy-xollni yaratib, uni boshqargan. U Sharq folklorini zamonaviy estrada yo‘nalishlari bilan birlashtirdi. Ushbu ishi uni yanada tanilishi, hukumat tomonidan e’tirof etilishiga sabab bo‘lgan.
U «Sog‘indi jon», «Xayolimda», «Ra’no», “Yor kel» kabi o‘nlab qo‘shiqlari tufayli san’at ixlosmandlari qalbidan chuqur joy egalladi. Xonanda 28 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi.
Botir Zokirov turli ijod sohalarida o‘zini sinagan: tasviriy san’at, rejissura, bastakorlik, aktyorlik, yozuvchilik va hatto she’rlar ham yozgan.
Serqirra ijodkor 1985 yil 23 yanvar kuni og‘ir xastalikdan olamdan o‘tgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.
– Botir Zokirov har doim izlanishda bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova. – Nazari baland, fikri teran inson bo‘lgan. Botir Zokirov Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayevlar bilan qalin do‘st edi. O‘ta kamtar edi. Hech qachon o‘zining mashhurman, deb kibrga berilganini bilmayman. Ammo o‘ta did bilan kiyinar, viqor bilan yurardi. Xotirasi o‘ta kuchli edi. Til o‘rganish, turli tillarning grammatikasini tahlil qilishga qiziqardi. Chet tilida qo‘shiq kuylashdan oldin uning o‘zbekchasini o‘rganish, ma’noli bo‘lishiga alohida e’tibor berardi.
Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Yubiley munosabati bilan «Botir Zokirov san’ati davomchilari» Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Botir Zokirov nomidagi Oliy estrada maktabini tashkil etish, Botir Zokirovning ibratli hayoti haqida film suratga olish rejalashtirilgan.
– Botir Zokirov shunchaki qo‘shiqchi bo‘lmagan, u shunchaki kuylamagan, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov. – U har bir san’at asariga umrini baxshida etgan. Har bir qo‘shiqni yurakdan, qalbdan his qilib kuylagan. U serqirra inson edi. Bastakor, san’atshunos... Samimiy va o‘ta kamtar edi. Uning har biri qo‘shig‘ida odamiylikning eng sara tuyg‘ulari ufurib turadi. Shuning uchun u yaratgan har bir qo‘shiq insonga o‘zgacha kayfiyat baxsh etadi. Men istardimki, estrada yo‘nalishiga qadam qo‘yayotgan har bir yosh nafaqat Botir Zokirov ijodini mukammal o‘rganishi, qolaversa, uning shaxsiyatiga ham murojaat qilishi kerak. Chunki Botir Zokirov hayot yo‘lidan ibrat oladigan narsalar ko‘p. U qo‘shiqni avval his qilgan, matnni anglashga harakat qilgan, ma’nosiz asar yaratishdan cho‘chigan. Shuning uchun ham Botir Zokirov ijro etgan qo‘shiqlar hamon muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Dilobar Mamatova, O‘zA