Botanika bog‘iga «Kitob uychalari» o‘rnatildi
Mamlakatimizda keyingi yillarda kitob targ‘iboti, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan qabul qilingan «2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi» kelajak avlodni har tomonlama yetuk shaxslar etib kamol topdirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

“Artel” kompaniyasi yana bir yangi loyihaga qo‘l urdi. Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan jamoat joylari, xususan, istirohat bog‘larida «Kitob uychalari» o‘rnatiladi. Loyiha poytaxtimizdagi Toshkent botanika bog‘ida 20 ta «Kitob uychalari»ni o‘rnatishdan boshlandi. Bu yerda siz istagan kitobni olib mutolaa qilishingiz va o‘zingizdagi kitoblarni boshqalar bilan ulashishingiz mumkin bo‘ladi.
- Kompaniyaning vazifasi ishlab chiqarish, mamlakat sanoatini rivojlantirish bilan bir qatorda xalqimizning intellektual salohiyatini oshirishga ham qaratilgan, – deydi «Artel» korxonalar guruhi boshqaruv raisi Qobul Toshmuhammedov. - Yaqinda xotin-qizlar o‘rtasida «Nilufar» shaxmat turniri va qiziqarli sport musobaqalari o‘tkazib, g‘oliblarni munosib taqdirlagan edik. Kompaniyamiz xalqniki, biz o‘z mahsulotlarimiz bilan qanchalik xalq ichiga kirib borayotgan bo‘lsak, tadbirlarimiz, ma’naviy ko‘magimiz bilan ham ularning ko‘ngillarini nurafshon etishga kirishganmiz. Jamoamiz o‘z oldiga bolakaylarga quvonch baxsh etishni maqsad qilib olgan.
Kompaniya shu kungacha ham bu borada qator ishlarga qo‘l urib, ilm yo‘lidagi yoshlarni doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Pandemiya sabab qat’iy karantin qoidalariga amal qilish davrida insonlar bir-biri bilan muloqotga kirishish ehtiyojini sezdi. Uyida, oila davrasida qolgan insonlar mutolaa bilan vaqt o‘tkazib, kitobga yanada yaqinlashdi. Ushbu loyiha orqali kompaniya xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga ilm va tafakkur manbaini ulashishni, ular bilan kitob orqali muloqot o‘rnatishni maqsad qilgan.

Ta’kidlash kerak, vatanparvar, professional kadrlarni yetishtirib chiqarishda kitobxonlikning o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Negaki, kitob insonning bilimlar manbai bo‘lishi bilan birga uning yaqin do‘sti, maslahatchisi ham hisoblanadi. Kitob o‘qiyotgan inson fikrlaydi va bevosita har bir qadamining yaxshi-yu yomon tomonini hisobga oladi. Boshqacha aytganda, kitob tafakkurimiz manbaidir.
D. Mamatova, O‘zA muxbiri