Bo‘stonliqda yirik agrar loyiha ishga tushiriladi
Bo‘stonliq tumanining agrar salohiyatini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda foydalanilmayotgan yer maydonlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, tuman korxona-tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar, deputatlar, fermerlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Dastlab “Navobod”, “Chimgan” va “G‘azalkent” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida tanlab olingan 3 ming gektar yer maydonini o‘zlashtirish bo‘yicha istiqbolli loyiha muhokama qilindi. Rejaga ko‘ra, 7 kilometr uzunlikdagi quvur orqali suv keltirish, zamonaviy sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda suv havzasini tashkil etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, hududlarda sanoat usulida intensiv bog‘lar barpo etish, malina, funduk, qorag‘at, qulupnay va boshqa serdaromad rezavor ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida 1 mingta doimiy va qariyb 10 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.
Muhokamalar davomida yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, rezavor ekinlar yetishtirish jarayonlarini tizimli tashkil etish, amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy monitoring qilib borish hamda loyihaning samaradorligini ta’minlash yuzasidan ishchi guruh oldiga aniq topshiriqlar qo‘yildi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu yo‘nalishni kengaytirish nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki tashqi bozorlarga sifatli mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini ham oshiradi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi Bo‘stonliq tumanining agrar salohiyatini yanada yuksaltirish, aholi farovonligini oshirish va hudud iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, loyihani qisqa muddatlarda hayotga tatbiq etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

A. Musayev,O‘zA