Bo‘stonliqda ko‘klam jozibasi
FOTOREPORTAJ
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududida joylashgan Oqsoq ota soyi bo‘yi tabiati betakror go‘zalligi bilan ajralib turadi. Bu maskan, ayniqsa, bahor faslida o‘zining maftunkor manzaralari, toza havosi va yashil libosga burkangan qir-adirlari bilan inson qalbini rom etadi.
Bu hududning qir-adirlari bahorda alohida jozibaga ega. Yashil maysalar bilan qoplangan tepaliklar uzoqdan qaraganda go‘yo yumshoq gilamni eslatadi. Bu yerda sayr qilish, toza havodan bahramand bo‘lish insonga ruhiy yengillik va ilhom bag‘ishlaydi. Qushlar sayrashi, shamolning yengil esishi va tabiatning uyg‘onishi insonni kundalik tashvishlardan biroz bo‘lsa-da uzoqlashtiradi.
Oqsoq ota soyi hududi nafaqat tabiat ixlosmandlari, balki tinchlik va sukutni istaganlar uchun ham ajoyib maskandir. Bu yerda inson tabiat bilan tillashib, uning go‘zalligi va saxovatiga yana bir bor tan beradi. Shu bois, Bo‘stonliq tumanidagi ushbu go‘zal maskan sayyohlar va dam oluvchilarni bahor faslida yanada ko‘proq o‘ziga jalb etadi.
[gallery-28488]
Oqsoq ota soyi bo‘ylari – tabiatning haqiqiy mo‘’jizasi. Uning betakror go‘zalligi, musaffo havosi va tinch muhiti har bir inson qalbida unutilmas taassurotlar qoldiradi.
Kamola Yusupova,
Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA