Boshim poyingda, Vatan...
O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevani xotirlab...
Vatanga cheksiz muhabbat tuyg‘usi ufurib turgan ushbu yoniq misra muallifi O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva agar hayot bo‘lganida ayni kunlarda umrining yetmish to‘qqizinchi bahorini kutib olayotgan bo‘lardi...
Yosh Halimadagi she’riy qobiliyatni ilk bor taniqli adib, davlat va jamoat arbobi O‘zbekistonning ko‘p yillik birinchi rahbari bo‘lib ishlagan Sharof Rashidov payqagan va bag‘ridaryo ustoz viloyat mas’ullariga bu qizaloqqa “ko‘z-quloq” bo‘lishni tayinlagan. Keyin o‘tgan asrning 70-yillari sharoitida qishloqlik qizning shaharga ilm izlab borish mashaqqatlari boshlanadi – Toshkent, so‘ng Moskvadagi Adabiyot institutidagi saboqlar...
Hali talabalik chog‘i kitobi chiqqan omadli ijodkorlar bor bo‘lsa, shulardan bir u edi. Iste’dodi va tabiatidagi butunlik uni omad pillapoyalaridan tez ko‘tarilishini, elga tanilishini ta’minlaydi.
Mustaqillikning dastlabki yillari O‘zbekiston xalq shoiri edi u. Uzoq yillar mashhur “Saodat” jurnali jamoasini boshqardi. Xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbar bo‘ldi. Va hokazo...
Va, ittifoqo, umrining ma’lum bir davrida u yakkalanib, bir paytlari gavjum bo‘lgan yon-atrofida tirik jon qolmagandek bo‘ldi go‘yo.
Nima, chindan ham U yolg‘izmidi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi endi. Faqat, yo‘q, deyishga shoshilmaylik.
Inson ruhan yolg‘iz bo‘lishni istaydigan, orzu qiladigan onlar bo‘ladi. Yolg‘izlik toblab qalbi kuchga to‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa, sherga aylanayotgan odamning, boz ustiga u shoir bo‘lsa, ikki qo‘li burgutning haybatli qanotidek keng yoyilib, samoga ko‘tarilishini tasavvur qilganmisiz?!. Inson bunday kezlar yuksak-yuksaklarga uchishi, ko‘tarilishi bor gap.
Xo‘sh, shoira chekinishga chog‘langan uzlat, yolg‘izlik o‘zi nima edi? Ehtimol, birinchidan, ikkinchidan, uchinchidan... deya kimdir sharhlab berishi mumkin bu holatni. Lekin, bu savolga eng to‘g‘ri javob – shoiraning she’rlari. Halima opa haqida hech kim uning she’rlarichalik ochiq, batafsil ma’lumot bera olmasa kerak.
Ayon-ki, yolg‘izlikni hech kim o‘z ixtiyori bilan tanlamaydi. Uning bozori ham yo‘q. “Bunday baxt”ni qachonlardir eng yaqin bo‘lgan insonlar taqdim etadi kishiga, afsuski...
E’tibor berib qarasangiz “Yolg‘izlik” so‘zida “Ishq” so‘ziga yaqin qondoshlik bordek tuyuladi. Ishq – ruh va jismga chirmashgan bir dard-ki, kun kelib sohibidan qurbonlik talab qiladi. Yolg‘izlik ana shu qurbonlikning achchiq mevasi.
Ehtimol, u qachonlardir tanho qolishini his qilgan, sezgandir. Axir, u shunchaki duch kelgan tomon gandiraklab ketayotgan qandaydir oddiy yo‘lovchi emas edi. O‘zigacha dovrug‘ taratgan Movarounnahr shoiralarining mungli ovozlariga mardonalik baxsh eta olgan, shoiralikni bir maqom baland ko‘targan, millat dardini she’rlarida baralla kuylagan katta shoir, dovrug‘li shoira edi.
“Armonim bo‘lmasdi, magarki Mavlonodek bir do‘st topa olsam edi” deya orzu qiladi bir she’rida u. Rumiydek do‘st topishni orzu qilgan oshiqning xuddi tabrizlik Shamsdek hech ikkilanmay kundaga qo‘yishga loyiq boshi ham bo‘lishi kerak emasmi?.. Halima opa bu savdo bahosini yaxshi biladigan mard xaridor edi.
Qalbidagi ayovsiz tug‘yon olovli qanotlari uzra uni yuksaklikning eng baland cho‘qqisiga olib chiqadi. U oshiqlik maqomiga allaqachon ko‘tarilib bo‘lgan edi...
Mangu tunmas. Oftob – bir onlig‘ bo‘lsam,
Armonim yo‘q. Xarob yo shonlig‘ bo‘lsam.
Hazrat Rumiyday bir jon do‘st topsaydim,
Mayli unga Shamsday qurbonlig‘ bo‘lsam...
Azaldan uning fe’li, ruhiyatida isyonga o‘xshash g‘alayon bor edi. Bu uning she’rlarida bo‘y ko‘rsatib turardi. Adabiyot bilimdonlari, ahli adab va fasohat ahli buni vaqtida ilg‘ab, undan umid qilardi. Yillar o‘tib Halima Xudoyberdiyeva nafaqat bu ishonchni oqladi, balki ustoz munaqqid Ozod Sharafiddinov e’tirof etganidek “haqiqat va adolat jarchisi” o‘laroq xalqimiz mehrini qozondi.
Uning ayol zotiga xos (mayin-muloyimlik) bo‘lmagan o‘ktam ovozi jamiki ozod qalbli odamlarning ichki chaqirig‘idek yangradi.
Ha, “Dorilomon kunlar” mujdasini ilk bor u aytgan edi...
Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo‘ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol! – deya baralla hayqirdi. Ayta olgan ham u edi...
Va buni unga qo‘shilib butun el – millat birgalikda aytdi. Hali ham aytib keladi, bundan keyin ham aytadi...
Uning o‘zbek onalari nomidan aytgan mana bu tilaklari ham asldo eskirmaydi, to hayot bor ekan – yashaydigan da’vat, vasiyat bo‘lib qolaveradi:
Botirlar o‘tgan Vatandan
Botirlar chiqsin, Xudo.
Anglasinlar, bor sinoat
Bor sirlar chiqsin, Xudo.
Ulug‘ onalardan meros
Martabamiz onalik.
Biz tebratgan beshiklardan
Boburlar chiqsin, Xudo!
Olamning yaratilish haqidagi bitiklarda Odamning zuvalasi uchun yer yuzining turli burchaklaridan bir siqimdan tuproq olinadi va ushbu tuproq uzra naqd qirq yil, shundan 39 yil g‘am-tashvish, bir yil sevinch yomg‘iri yog‘adi, deyiladi. Halima opaning she’rlarida ana shu ibtidoda inson vujudi, taqdiriga ilohiy yomg‘ir ila qorishib ketgan, bor bo‘lgan beoromlikni yaqqol ko‘rasiz, his qilasiz.
Ko‘klarni suyib o‘tdikmi, yo Rab,
Saratondan kuyib o‘tdikmi, yo Rab.
Bir izg‘irin kelar ustuxongacha,
Sovuq mavsumlarga yetdikmi, yo Rab!
Sevimli shoiramizning quyidagi to‘rtligidagi ishora bundan-da ta’sirli:
Sirtim shoyon, ich-xo‘rsiniq, tutunligim ko‘r,
G‘ujg‘on yulduzlar-da, siniq bir tunligim ko‘r.
Xarsang tegib ming bo‘lakka bo‘lingan jomman,
Ammo yurganimda tiklik, butunligim ko‘r...
Bu – o‘zbek, Sharq, musulmon ayolining timsoli. U - sinmaydi. Yuragi doim alla, hayot qo‘shig‘ini kuylab turadi.
Halima opa she’rlarida toshi og‘ir bosadigan so‘zlarni saralab-saralab, o‘rni-o‘rni bilan ishlatadi. Sirti shoyon, ichi xo‘rsiniqqa to‘la, dunyosi qop-qorong‘u... ammo, qaddi tik... “Butunligimni ko‘r!” deyayotgan ayol – Ona paydo bo‘ladi ko‘z o‘ngingizda.
She’r, shoir shunday bo‘lishi kerak emasmi?
Halima Xudoyberdiyeva ijodida yuraklarni allalovchi sokinlik yo‘q. Ko‘rmaysiz. Zotan, she’r o‘z nomi bilan she’r... Uning vujudi, ruhi – jismu jonida ibtidodagi o‘sha qirq yillik “yomg‘ir” alomatlari mavjudligini, jo‘sh urayotgani “shiviri”ni eshitib turasiz. Bu azaliy yomg‘ir sadolari odam bolasining o‘zi haqidagi qo‘shiq, bu qo‘shiqni kuylamay, tinglamay bo‘ladimi? Bunday qo‘shiqlarni kim yaratadi? Albatta, chin shoirlar. Halima Xudoyberdiyeva ana shunday asl shoirlarning oldingi saflarida turardi.
Shubhasiz, insonni g‘am tarbiyalaydi. Ammo, shoir avvalo inson o‘laroq bu dard oldida taslim bo‘lgisi kelmaydi. “Dorilomon kunlar...” kelganda og‘ir damlarni unutadi. “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor...” deya shukrona keltiradi. Aslida ham Odam bolasining umri g‘am-tashvish va dorilomon kunlar orasida kechadi...
Onaginam!
Dorilamon kunlar kuldi, shafaqlari ol,
Qayon boqsang, shaylanishar va sozlashar tor.
Olcha gulin ko‘zlaringga surtasan behol:
“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.
So‘lg‘in-so‘lg‘in lablaringdan ucharkan shu so‘z,
Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad.
Doriamon kunlarga qayt, onam, yumib ko‘z,
O‘ksik dilda boshlanmasin desang qiyomat...
Halima Xudoyberdiyevaning qismati she’rlari aks etib turadi. Shoir aytganidek, she’rlari – uning qissago‘yi...
Shoira hech ikkilanmay “Mavlono Jaloliddin Rumiydek bir do‘st bo‘lsaydi” deydigan darajaga yetmog‘i uchun qancha yo‘l bosib kelganini bilasizmi?
Buni ham uning ijodi “fosh” qilib turadi. O‘tgan asrning 60 – yillarida hali talabalik davrida chiqqan “Ilk muhabbat” kitobidan tortib “Oq olmalar”, “Chaman”, “Suyanch tog‘larim”, ”Bobo quyosh”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Hurlik o‘ti”, “Bu kunlarga yetganlar bor”, “To‘marisning aytgani”, “Yo‘ldadirman”, “Buyuk qushlar”, “Osoyishta sham” kitobiga kirgan she’rlari Halima opani she’rdan she’rga o‘sib, ulg‘aygan favqulodda iste’dod sohibasi ekanini sharhlab turadi. Ko‘p shoirlarning ilk she’ri qaysi, balog‘at yoshida bitganlari qaysi ekanini ustasi farang adabiy sinchilar ham ajratishga ojizlik qilishi mumkin, ammo Halima opaning she’rlarini bir hovuch dondek sochvorib keyin yig‘adigan she’rxon, hech ikkilanmay she’rlarni xronologiyasi bo‘yicha tartib bilan tizib chiqishi mumkin. Sababi esa ayon. Unda aniq yuksalish nuqtalari – dinamika bor.
“Turk”, “Turkiston”... kabi bir zamonlar moziy sandig‘iga uloqtirilgan aziz so‘zlar uning ijodida “hayot”ga qaytganini ko‘ramiz. Shoiraning “Turkiston tomonlarda” she’ri millat bolalari ruhini ko‘taradigan madhiyadek yangraydi:
Endi turmoq onidir ey endi tiklanmoq oni,
Endi dunyo ko‘rajak turkiy el qalqqanini.
Endi bolalariga balo kelsa, qalqoni –
Sohibqiron tug‘i bor Turkiston tomonlarda...
Yoki shoiraning “Turkning ko‘zi” nomli she’ridagi ushbu satrlarga qarang:
G‘amsiz tuproq yo‘qdir biroq,
Turk tuprog‘i g‘amliroq.
Ko‘zlar ichra... sinchiklab boq,
Turkning ko‘zi namliroq...
Bu satrlarga izoh bera olasizmi? Uni faqat, his qilasiz xolos.
“Turk dunyosini o‘nglovchilar” nomli she’rda esa shoira qalbining asl qiyofasini ko‘rasiz. She’r o‘ziga xos achchiq so‘zlar bilan boshlanadi:
Xijolatman, ba’zan shunday xijolatli onlar kelar,
Bo‘liq don deb topganlarim xas-xashak, somon kelar.
Burgutlarni sulton qush deb, samolardan qidirsam,
Ular yerda go‘ng titkilab, tumshuqlari qon kelar...
Turkiy dunyo parokandaligi haqida o‘kinib yozgan shoira she’rning keyingi satlarida yorug‘ niyatlar, bashoratlar qiladi:
Garchand shu xil xayollarda qovjirayman, gullayman,
Turk dunyosini o‘nglovchilar kelmog‘ini tilayman.
Ohim yetar... Yassaviy pir, Naqshbandiy, Sulaymon,
Xokisor Ulug‘lar bari gurros biz tomon kelar.
Ko‘r ko‘zlarimizni ochgay qadamlarin changi, deng.
Endi turkning dalalari gulga kirgay mangu, deng.
Ha, uning ovozi – turkiy el-elatlarning ovoziga aylanib ulgurgan edi. She’rlarida turkona ruh, jangovarlik sobit edi.
Bugun turkiy xalqlarning bir-birlariga qardoshlarcha bag‘ir ochishlari, Turkiy tilli davlatlar hamkorligi yangi bosqichlarga chiqayotgani, bu boradagi mujdalar shoiramiz orzu qilgan kunlar kelganidan darak, xushxabar...
Halima Xudoyberdiyeva she’rlari orqali quloqlarimiz ostida jaranglab turgan, ”turk”, “Turkiston”, “Turon” so‘zlari qalblarimizda azaliy muhabbat olovini qayta yolqinlantirayotganini his qilayotgandekmiz bugun.
She’r texnikasini puxta egallagan shoirlar juda ko‘p. Rasamadini keltirib yozilayotgan she’lar talaygina. Ammo Shaxsga aylangan shoirlar kam, noyob. Jamiyat hamisha Shaxslarga muhtoj bo‘lgan.
Halima Xudoyberdiyeva shaxsiyatida Shaxslik bilan Ijod qay nuqtadan boshlanib, qay nuqtada uyg‘unlashib ketishini aniq aytish qiyin.
Bilganimiz shuki, u musibat pallasi, ko‘ngillar g‘ussaga cho‘mgan palla ham kimga nima deyishini yaxshi bilardi...
Dunyo bir kam. Qaddi shamshod yetmaydi,
Kam-kam yetadi-yu, bot-bot yetmaydi.
Yaxshiki kelmaymiz. Qayta kelsak ham,
Bizga maydon yetmas, yo ot yetmaydi...
Shu kichkina to‘rtlikda ham chigal dunyoni anglash, shoiraning o‘zigagina xos qarashlari, hayotiy xulosalari jo bo‘lgan.
Halima Xudoyberdiyeva milliy she’riyatimiz havosini baholi qudrat yangilay olgan, millat dardini kuylagan, ammo zinhor shunchaki dardkash bo‘lib yig‘lamagan, o‘quvchini o‘ziga yaqin olib oydin kunlarga intilishni, qanday kurashni ham o‘rgatib ketgan chin shoir, chin inson edi. Uning ijodi yoshlarimizga Vatanni sevishni, Millatni qadrlashni o‘rgatadi. Hurlik, Erk haqida o‘qimoqchi bo‘lsangiz, ruhingizni charxlamoqchi bo‘lsangiz, Halima Xudoyberdiyevani o‘qing...
Shoiraning imtihonlarga to‘la hayot yo‘li ham o‘ziga xos edi. “Sinovlar bandaning toqatidan ortiq bo‘lmas” degan ilohiy hukmga ko‘ra sevimli shoiramizning maqomlari qanchalar baland bo‘lganini o‘zimcha tasavvur qilib ko‘raman ba’zi-ba’zida.
Shunday bo‘lsa-da, benazir shoira umrining so‘nggi yillari yozgan bir she’rida:
Qo‘rqaman, oh, ruhsiz tanday boraman,
Tikman-u, goh egik sha’nday boraman.
Amallarin ado qilolmadim-ku,
Xudoning oldiga qanday boraman?! – deya o‘zini malomat qiladi.
Ollohning huzuriga borishga hayo qilgan benazir shoiramizning ruhi shod o‘lsun. Bugun uning ortidan ergashgan, unga havas qilib shu qutlug‘ yo‘lga tadorik ko‘rayotgan yosh ijodkorlar, Halimalar qancha.
Shu o‘rinda ikki og‘iz so‘z – ijod, ijodkor va qalam ahliga e’tibor haqida. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimiz yetakchisiga aylangan ilk kunlardan boshlab kitob, kitobxonlik, ijodkorlar – shoir-yozuvchilarga alohida e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari, ta’bir joiz bo‘lsa, Halima Xudoyberdiyeva orzu qilgan do‘st timsolida namoyon bo‘ldi. Ishoqxon ibrat domladan tortib O‘zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va yana qancha ulug‘larning ruhlari shod bo‘ldi. Aynan davlatimiz rahbari qo‘llovi bilan mamlakatimizning har bir mintaqasida elga xizmat qilgan asl ijodkorlar nomidagi ijod maktablari faoliyat ko‘rsata boshladi. Hali o‘quvchiligida Sharof Rashidovdek zotning e’tiborini tortgan qizaloq – Halima Xudoyberdiyevaning ijodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak qadrlandi va aynan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yili shoira tug‘ilgan qutlug‘ zamin Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi faoliyat boshladi va ushbu makon qalbi qaynoq yoshlar uchun ijod o‘chog‘i bo‘lib xizmat qilmoqda.
Demak, millvatparvar shoiramiz o‘lmagan – barhayot. Uning orzu, istaklari Yangi O‘zbekistonimizning yosh iste’dodlari timsolida yashab kelayapti.
Abdusaid Ko‘chimov,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
yoshlar murabbiysi,
Alisher Narzulloyev,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.