Bo‘sh turgan mulk – yangi imkoniyat
Banklar balansidagi mulklar shunchaki saqlanib turgan bino va inshootlar emas, balki tadbirkorlikni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahallalar iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish uchun muhim resurs. Jizzax viloyatida mazkur imkoniyatdan qay darajada samarali foydalanilayotgani tahlil qilinib, mavjud ob’ektlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda banklar balansidagi mulklarni samarali boshqarish, ularni tadbirkorlik sub’ektlariga taklif etish va yangi loyihalarga jalb qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda tijorat banklari balansidagi 62 ta mahallada joylashgan 138 ta mulk 142,3 milliard so‘mga sotilgan. Biroq hali foydalanish yoki sotishni kutayotgan aktivlar ham salmoqli: umumiy qiymati 494,3 milliard so‘m bo‘lgan 235 ta mulk mavjud. Ularning 186 tasi bino va inshootlar bo‘lib, 110 ta mahallada joylashgan.
Hududlar bo‘yicha ham raqamlar muayyan manzarani ko‘rsatadi. Sharof Rashidov tumanida 23 ta, Jizzax shahrida 19 ta, Zarbdor tumanida 12 ta, Baxmal va G‘allaorol tumanlarida 10 tadan, Zominda 8 ta, Do‘stlik va Paxtakorda 5 tadan, Arnasoy, Forish va Zafarobodda 4 tadan, Mirzacho‘l va Yangiobod tumanlarida esa 3 tadan banklar balansidagi ob’ektlar mavjud.

Muammoning yechimi faqat mulkni hisobga olish yoki saqlash bilan cheklanmaydi. Bo‘sh turgan har bir binoni mahalladagi ishsiz aholini daromadli mehnatga jalb etadigan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki kichik biznes loyihasiga aylantirish mumkin. Shu nuqtai nazardan, mahalla faollari, hokim yordamchilari va banklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada Sharof Rashidov tumanidagi Yangiobod mahallasi misoli e’tiborga molik. Bu yerda banklar balansida bo‘lgan 5 ta mulkdan ikki yildan buyon samarali foydalanilmayotgani aniqlangan. Yig‘ilishda mazkur ob’ektlarni tadbirkorlik sub’ektlariga taklif etish va ular negizida yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Yana bir masala – uzoq vaqt sotilmay turgan ob’ektlar. Banklar balansidagi 6 ta mulkning 4 yildan buyon sotilmagani qayd etildi. Jumladan, Arnasoy tumani Bobur mahallasidagi mehmonxona binosini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yig‘ilishda bank rahbarlariga ob’ektlarni shunchaki saqlab turish emas, balki ularni tadbirkorlarga taklif etish, investitsiya loyihalarini jalb qilish va hudud iqtisodiyotiga xizmat qiladigan aktivlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Yil yakuniga qadar 76 ta mahalladagi 136 ta mulkning to‘liq sotilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi. Mulklarni sotish jarayonining tasdiqlangan reja-grafik asosida borishi Markaziy bank tomonidan qat’iy nazoratga olinadi.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimovga belgilangan vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va natijadorlikni muntazam tahlil qilib borish topshirildi.
Aslida masalaning mohiyati raqamlarda emas, ular ortida turgan imkoniyatlarda. Bank balansida bo‘sh turgan har bir bino yangi tadbirkorlik sub’ekti, yangi ish o‘rni va mahalla uchun yangi iqtisodiy harakat nuqtasi bo‘lishi mumkin. Buning uchun banklar, mahalla raislari va hokim yordamchilari mavjud ob’ektlarni aniq loyihalar bilan bog‘lashi, har bir mulkning taqdiriga natija nuqtai nazaridan yondashishi lozim.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri