Bosh prokurorga biriktirilgan Olmazor tumanida xavfsiz muhit qanday ta’minlanmoqda?
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi joylarda izchil ta’minlanishiga e’tibor berilmoqda.
Xalq deputatlari Olmazor tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qaror ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Majlisda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi, shuningdek jamoat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Olmazor tumanida ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

Qayd etilganidek, tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatadigan 20 ga yaqin yo‘nalish belgilanib, muvofiqlashtiruvchi shtab, idoralararo ishchi guruhlar shakllantirilgan hamda vazifalar ijrosi yuzasidan kunlik nazorat yo‘lga qo‘yilgan.
Tumanda jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni yaxshilash va xavfsiz muhitni yaratish ishlariga kompleks yondashilmoqda. Bunda aholining kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarni aniqlash hamda bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘quvchilar davomatini onlayn nazorat qilish maqsadida barcha maktablarda Face ID tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 652 xonadon o‘rganilib, 42 notinch oiladagi muammolar hal qilingan. 12 “xavfsiz ko‘cha” tashkil etilgan, aholi gavjum joylarga 135 kamera qo‘yilgan. 535 ta ob’ekt texnik qo‘riqlovga olingan, ko‘p qavatli uylarga 142 domofon, 115 tashvish tugmasi o‘rnatilgan.

Oliy ta’lim muassasalariga 182 kamera, 12 turniket va 22 Face ID qurilmasi o‘rnatilib, 61 ming nafar talaba ishtirokida 7,5 mingga yaqin profilaktik tadbir o‘tkazilgan.
Talabalar shaharchasida yashovchi 16 ming 415 nafar talabaning sharoiti o‘rganildi. Sharoiti talabga javob bermaydigan 114 nafar talaba boshqa turar joylarga ko‘chirilgan. Shuningdek, 6 ming 708 nafar talabaning Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlangan.
Aholi sog‘lig‘ini saqlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 71 ming 540 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 333 nafar narkologik va 2 ming 504 nafar ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilgan.
Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, joriy yilda faoliyati to‘xtab qolgan 541 tadbirkorlik sub’ektining faoliyati tiklangan, 1 ming 815 ta yangi sub’ekt tashkil etilgan, 4 ming 187 yangi ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, 5,5 million dollarlik eksport salohiyati shakllantirilib, byudjetga qo‘shimcha 17,5 milliard so‘m tushum manbai yaratilgan.
Ayni paytda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va norasmiy tadbirkorlikni qonuniylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu maqsadda tuman 15 qismga, ya’ni 79 lotga ajratilib, har biri bo‘yicha xatlov ishlari amalga oshirilgan.
Natijada norasmiy faoliyat yuritib kelgan 365 nafar ishchi va ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik qilgan 52 nafar fuqaroning faoliyati qonuniylashtirilgan. Shuningdek, ijara shartnomasi mavjud bo‘lmagan yoki muddati tugagan 314 tadbirkorlik sub’ekti bilan shartnomalar tuzilib, byudjetga 6,9 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumi ta’minlangan.
“Qoraqamish” dehqon bozori, “Jomiy savdo kompleksi” va “Riviera Mall” savdo markazi to‘liq raqamlashtirilib, 851 norasmiy sub’ekt va 478 nafar ishchi faoliyati qonuniylashtirilgan. Bu orqali byudjetga 2,3 milliard so‘m qo‘shimcha tushum manbai yaratilgan hamda 653 nafar fuqaroning boshqa muammolari hal etilgan.
“Qoraqamish” dehqon bozorida situatsion markaz tashkil etilgan, tumandagi 2 ta yirik avtoturargoh va 18 avtotransport yuvish shoxobchasi faoliyati raqamlashtirilgan. 4 ming kv.m maydonda noqonuniy tashkil etilgan avtoturargoh qonuniylashtirilgan. Umumiy maydoni 13,5 ming kv.m bo‘lgan yana 2 ta avtoturargoh raqamlashtirilib, situatsion markazga ulangan.
Shu bilan birga, hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahallalardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etish va xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar ham batafsil yoritildi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek tumani tajribasi asosida Olmazor tumanida barcha sohalar ma’lumotlarini jamlovchi “Vaziyatlar markazi ekotizimi”ni tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Mazkur markaz turli idoralar axborot tizimlaridan kelib tushadigan ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali konsolidatsiya qilish, vizuallashtirish va tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa muammolarni real vaqt rejimida aniqlash va ularni samarali hal etishga xizmat qiladi.
Ushbu tajribani Olmazor tumanida ham joriy qilish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Mazkur platformaning asosiy imkoniyatlaridan biri bo‘lgan situatsion markaz sun’iy intellekt yordamida ijtimoiy va kommunal sohalardagi muammolarni uzluksiz monitoring qilish hamda aholi bilan doimiy onlayn aloqa o‘rnatish imkonini berishini inobatga olib, deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Senat qo‘mitasi raisi A.Eshmurodov tomonidan bugungi kunda tuman mahallalaridagi ahvol, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligi, Senat hamda mahalliy kengashlarning hamkorlik aloqalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Sessiya yakunida kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi. Tegishli qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA